Avval, eslab olaylik, Chempionlar Ligasida qaysi jamoalar qatnashadi?
Birinchi guruh, chempionatlarda yuqori o‘rinlarni egallagan klublar. Reytingga qarab, ba’zi ligalarga 4, ba’zilarga 3 yoki 2 yoki kamroq o‘rinlar taqdim etilgan. Bu tushunarli.
Ikkinchi guruh saralash o‘yinlari orqali asosiy turnirga yo‘llanma olishadi. Bu yerda birinchi guruhdagi qat’iy belgilangan o‘rinlardan tashqari, 1-2 ta yo‘llanmaga ega bo‘lgan liga ishtirokchilari pley-off yordamida qo‘shimcha yo‘llanmani olishi mumkin. Quyiroq reytingdagi ligalarda umuman o‘rin kafolatlanmagan, mana shu pley-off orqali Chempionlar Ligasiga chiqishlari mumkin.
Bundan tashqari, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi g‘oliblariga ham kelasi mavsum YeChLda o‘ynash huquqi beriladi. Bu yerda izohlash kerak bo‘lgan jihat: agar ChL yoki YeL g‘olibi o‘z chempionati orqali ham yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘sha yo‘llanma «kuyib ketadi» va boshqa ligalarda qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi.
Misol uchun, «Sevilya» o‘tgan mavsumda Ispaniyada 12-o‘rinni oldi va Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi. «Sevilya» Yevropa Ligasi g‘olibi sifatida qo‘shimcha yo‘llanmaga ega bo‘ldi va 1-4 o‘rinni olgan ispan jamoalariga qo‘shilib, bu mavsum Chempionlar Ligasida ishtirok etdi.
«Manchester Siti» esa, ham APL orqali ChLda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi, ham ChL g‘olibi bo‘ldi. Ammo Ispaniyadan farqli ravishda, Angliyadan 5 emas, 4 jamoa Chempionlar Ligasida qatnashdi. Chunki «Siti» o‘z chempionatida 4 yo‘llanmadan birini olgani tufayli, bitta o‘rin «kuyib ketdi». Agar «Manchester Siti» Angliyada to‘rtlikka kira olmaganda, xuddi Ispaniya singari besh jamoa (top-4 + ChL g‘olibi) Chempionlar Ligasida qatnashgan bo‘lardi. Shu yergacha hammasi tushunarli.
Yangi mavsum uchun format o‘zgargan bo‘lsa-da, ushbu tanlov tamoyillari o‘zgarishsiz qoldi. Faqat qatnashuvchi klublar soni oshirilishi natijasida yana 4 ta o‘rin paydo bo‘ldi. Bulardan ikkitasi pley-off orqali aniqlanadigan kvotalarga qo‘shib berilgan bo‘lsa, yana ikki o‘rin oldingi yevrokuboklarda eng ko‘p reyting ochkosini qo‘lga kiritgan ikki Ligaga qo‘shimcha sifatida taqdim etiladi.
Demak, 2023/24 yillar yevromavsumida klublari eng ko‘p ochko to‘plagani natijasida A Seriya va Bundesliga keyingi mavsumida yana bittadan qo‘shimcha o‘ringa ega bo‘lishdi. Italiya va Germaniyadan Chempionlar Ligasida beshtadan o‘rin naqd.
Nazariy tomondan, Chempionlar Ligasida endi bitta ligadan hatto 7 jamoa ham qatnashish imkoniyati bor – masalan, yuqoridagi shaklda qo‘lga kiritilgan 5 o‘rindan tashqari, turnir jadvalida pastroqdan o‘rin egallagan klublar Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasini yutishsa. Qiziq joyi endi boshlanadi.
















