AQSH davlat kotibi Marko Rubio Samarqanddagi biznes-forumda Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning faoliyatiga yuqori baho berdi.

U oʻz nutqida AQSH–Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi hamraislari – AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor hamda Saida Mirziyoyevaga alohida minnatdorlik bildirdi.

«Biz uni shunchaki Saida deb chaqiramiz, chunki uni turli joylarda, koʻplab tadbirlarda uchratamiz. U nihoyatda isteʼdodli, aqlli va mehnatkash inson. Bu ishga ajratgan vaqtingiz va kuch-gʻayratingiz uchun ikkingizga ham rahmat», – deydi Rubio.

AQSH davlat kotibining taʼkidlashicha, ularning saʼy-harakatlari va S5+1 guruhi bilan hamkorlik – davlatlar hamda xususiy sektor imkoniyatlarini birlashtirish, mamlakatlar oʻrtasidagi biznes aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

«Biz mustaqil va suveren davlatlarmiz. Har birimiz oʻz mamlakatimiz va xalqimiz uchun eng yaxshisini istaymiz. Aynan shu umumiy qadriyatlar va maqsadlar munosabatlarimizni samarali rivojlantirish imkonini bermoqda», – dedi Marko Rubio.