O‘zbekiston | 18:56 / 17.06.2024
6689
3 daqiqa o‘qiladi

Aholi yashash joylariga kirib qolgan yovvoyi hayvonlar bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan aholi yashash joylariga kirib qolganida himoyalash, qutqarish va jonsizlantirish tartibi bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. 

Foto: Ekologiya vazirligi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganda himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. 

Loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Unda aytilishicha, so‘nggi vaqtlarda yovvoyi hayvonlarning aholi punktlari va boshqa hududlarga turli sabablar bilan kirib qolish holatlari qayd etilmoqda. Buning oqibatida yovvoyi hayvonlar tomonidan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda mol-mulkiga, yovvoyi hayvonlarning hayotiga ham zarar yetkazilishi xavfi ortib, ularning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. 

Qaror loyihasiga ko‘ra, yovvoyi hayvonlar tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganda ularni himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hududiy bo‘linmalari, ichki ishlar organlari, favqulodda vaziyatlar organlari, Davlat veterinariya xizmati, sanitariya-epidemiologiya xizmati, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari hamda ovchilik jamiyatlarining o‘zaro hamkorlikdagi vazifasi hisoblanadi. 

Qaror loyihasida qayd qilinishicha, yuridik va jismoniy shaxslardan yovvoyi hayvonning tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganligi to‘g‘risida xabar kelib tushganda, bu haqda zudlik bilan 1157 qisqa telefon raqami orqali O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga, 102 qisqa telefon raqami orqali ichki ishlar organlarining navbatchilik qismiga, 1050 qisqa telefon raqami orqali favqulodda vaziyatlar organlariga, +998712760118 telefon raqami orqali Davlat veterinariya xizmati, 1003 qisqa telefon raqami orqali sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga hamda viloyat ovchilik jamiyatiga xabar berish lozim. 

Qaror loyihasi muhokamasi 27 iyunga qadar davom etadi.

Mavzuga oid