Xalq banki moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subektlari bilan OAV, jurnalistlar va jamoatchilik faollarini yaqindan tanishtirish maqsadida hududlarga press turlar o‘tkazib kelinadi. Navbatdagi press-tur vodiy viloyatlari Namangan va Andijon viloyatlariga tashkil etildi.

Dastlab press-tur dasturiga asosan Namanganda faoliyat yuritayotgan mahalliy OAV, jamoatchilik faollari va hududiy matbuot kotiblari uchun seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar doirasida davlat tashkilotlarida kommunikatsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari, jamoatchilik bilan aloqalarda Xalq banki tajribasi, inqirozli vaziyatlarda o‘zaro kommunikatsiya kabi mavzular bo‘yicha mutaxassislar yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan bir qatorda trening ishtirokchilariga Xazna mobil ilovasining taqdimoti o‘tkazildi. Seminar-trening so‘ngida yig‘ilganlar o‘rtasida interaktiv o‘yinlar o‘tkazildi.

Seminardan so‘ng press-tur ishtirokchilari Namangan tumanidagi “Nam Motor Servis” MChJ faoliyati bilan tanishdi. “Nam Motor Servis” MChJ bugungi kunda suv nasoslari va elektrodvigatellar ishlab chiqaruvchi respublikadagi yirik korxonalardan. Xalq banki ko‘magida faoliyat boshlagan obektning bugungi kundagi yillik daromadi 55,6 mlrd so‘m. Korxonada 160ga yaqin kishining bandligi ta’minlagan. Bu yerda yiliga 10 ming dona elektrodvigatel, 2 ming dona suv nasoslarini ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Korxonadagi zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish jarayonlarida keng texnologik imkoniyatlarni ta’minlamoqda.

Press-turning navbatdagi Namangan tumanidagi "Best fiber" mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lib, u yerda nafaqat aholi ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan mahsulotlar ishlab chiqariladi, balki korxona o‘z faoliyati bilan atrof-muhitni asrashga ham katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Bu yerda oyiga 300 tonna plastik chiqindi qayta ishlanadi va sanoatning turli sohalari uchun xomashyo tayyorlanadi. 2,5 gektar maydonda tashkil etilgan baklajkani qayta ishlash korxonasiga Xitoydan maxsus uskuna xaridi uchun Xalq banki tomonidan 1 mln 200 ming AQSh dollari miqdorida moliyaviy ko‘mak berilgan. Korxonaning yillik daromadi 10 mlrd so‘m, 100 ga yaqin ishchi o‘rni tashkil etilgan.