AFP agentligi 25-sentabr kuni Zelenskiyning jurnalistlar bilan onlayn suhbatiga tayanib xabar berishicha, bu masala Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida Tramp bilan oʻtkazilgan uchrashuvda muhokama qilingan.

Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, tomonlar aniq kelishuvlarga erishgan. Tramp soʻnggi uchrashuvda yakuniy qaror qabul qilganini va Ukraina Patriot raketalarini ishlab chiqarish litsenziyalarini olishini taʼkidlagan. Ukraina rahbari kelishuvning boshqa tafsilotlarini ochiqlamagan.

Litsenziya boʻyicha muzokaralar

Iyul oyida ham Vashington Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini berishga rozi boʻlgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Oʻshanda ukrainalik yuqori martabali amaldorlar tomonlar kelishuvni amalga oshirish bosqichiga oʻtishga tayyorligini bildirgan.

Biroq koʻp oʻtmay litsenziya berish masalasi yana noaniq boʻlib qolgan. Tramp oʻzining ustuvor vazifasi raketalar emas, balki Rossiya boshlagan urushni tugatish ekanini aytgan.

Sentabr boshida AQSH davlat kotibi Marko Rubio litsenziya berish boʻyicha muzokaralar qayta tiklanganini tasdiqlagan. Zelenskiy esa litsenziya olingan taqdirda ham Ukraina hududida raketalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun taxminan bir yarim yil talab etilishini qayd etgan.

Qaysi raketalar ishlab chiqarilishi mumkin?

«Suspіlne» mediakompaniyasining Ukraina prezidenti ofisidagi manbalariga koʻra, Kiyev PAC-2 va PAC-3 raketalarini ishlab chiqarish boʻyicha muzokara olib bormoqda.

PAC-3 nishonni bevosita urib yoʻq qilishga asoslangan kinetik usuldan foydalanadi. U Rossiya Ukrainaga qarshi qoʻllayotgan ballistik raketalarni urib tushirish imkoniga ega qurollardan biri hisoblanadi.

PAC-2 esa jangovar kallak bilan jihozlangan boʻlib, ballistik nishonni uning yaqinida portlash orqali zararsizlantiradi.

Ukraina mudofaasida Patriot tizimlarining oʻrni

AFP qayd etishicha, Patriot tizimlari Ukraina shaharlari va infratuzilmasini himoya qilishda muhim oʻrin tutadi. Biroq mamlakatda ham ushbu majmualar, ham tutuvchi raketalar yetishmaydi. Agentlik AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi jahonda bu raketalar taqchilligini yanada kuchaytirganini yozgan.