Iqtisodiyot | 13:21 / 04.07.2024
5113
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aprel-may oylarida ancha kam oltin sotdi

Aprel va may oylarida O‘zbekiston oltin sotishni 1 tonnagacha kamaytirdi. Bu ko‘rsatkich fevral-mart oylarida 23 tonnani tashkil etgandi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston aprel va may oylarida oltin sotishni sezilarli darajada qisqartirgan. Bu haqda Jahon Oltin Kengashining (WGC) oylik ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan.

Aprel oyida jahon markaziy banklarining jami oltin zaxiralari 33 tonnaga oshgan. Xususan, xaridlar hajmi 36 tonnani, sotuvlar hajmi esa 3 tonnani tashkil etgan.

Hisobot davrida qimmatbaho metallarning eng faol xaridorlari Turkiya (8 tonna), Qozog‘iston (6 tonna) va Hindiston (6 tonna) Markaziy banklari bo‘ldi. Aprelda Xitoy Markaziy banki oltin xaridini sezilarli darajada kamaytirgan va o‘z zaxiralarini 2 tonnaga oshirib, 2264 tonnaga yetkazgan. Bu 2022 yilning noyabr oyidan beri eng kam ko‘rsatkich hisoblanadi.

Qimmatbaho metall sotishning sezilarli pasayishi O‘zbekiston va Iordaniya hisobiga yuz bergan. Ularning zaxiralari atigi 1 tonnaga kamaygan.

May oyida esa jahon markaziy banklarining jami oltin zaxiralari 10 tonnaga oshgan. Xususan, xaridlar hajmi 23 tonnani, sotuvlar hajmi esa 12 tonnani tashkil etgan.

Bu davrda qimmatbaho metallarning eng faol xaridorlari Polsha (10 tonna), Turkiya (6 tonna) va Hindiston (4 tonna) Markaziy banklari bo‘ldi. Umumiy bozor uchun eng kutilmagan holat, Xitoy markaziy banki tomonidan oltin xarid qilish to‘xtatilganidir. Bu 18 oylik faol xarid davri tugaganini anglatadi. May oyida Qozog‘iston asosiy sotuvchi bo‘lib, 10 tonna oltin sotgan.

Avvalroq, O‘zbekiston fevral va martda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgani xabar qilingandi. 2023 yil yakuni bo‘yicha esa dunyoda ikkinchi eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘lgandi. Xususan, o‘tgan yilda 8,2 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan.

Mavzuga oid