2023 yil 1 yanvardan chop etilgan onlayn-NKT va elektron cheklarda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, tadbirkorlarga ularni tahrirlash imkoni beriladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Hozirda texnik imkoniyat yaratilmoqda, tadbirkorlarga ham tegishli tayyorgarlik choralarini ko‘rish tavsiya etiladi. To‘liq qo‘llanma qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi, – deyiladi rasmiy xabarda.
Qo‘mita matbuot kotibi Dildora Hoshimova ayni masala yuzasidan Kun.uz’ning savollariga javob berdi.
— Tadbirkorlarga cheklarni tahrirlash imkoni berilishi nimani anglatadi?
— Xaridorga xarid cheki o‘sha mahsulotni sotuvchi kassir tomonidan beriladi. Xarid chekida mahsulotning nomi, identifikatsiya raqami (MXIK), tovar qiymati, o‘lchov birligi, summasi yoziladi. Agar QQS to‘lovchisi bo‘lsa, QQS summasi alohida ko‘rsatiladi. Xarid cheklari urilganda kassirlar tomonidan xarid summasi noto‘g‘ri kiritilish holatlari uchrashi mumkin. Masalan, ming so‘m o‘rniga, o‘n ming so‘m ko‘rsatilishi mumkin. Shunaqa holatlar bor, yuz ming so‘mlik tovar bir mln so‘m deb urib yuborilishi mumkin. Bunday holatlar juda ko‘p. Boshqa tovarning summasini boshqa tovarga urib yubordik, deyishadi. Bular ko‘pincha texnik xatoliklar bo‘ladi.
Summalarning xato urilishi eng og‘ir holatda tovar aylanmasining oshib ketishiga olib kelishi mumkin. Bilasiz, tovar aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshib ketsa, yuridik shaxs QQS to‘lovchisiga aylanadi. Yoki summalarning ko‘proq urilishi ko‘proq soliq hisoblanishiga olib kelishi mumkin, sababi aylanmadan kelib chiqib 15 foiz foyda solig‘ini to‘laydi. Shuning uchun yo 4 foiz, yoki 15 foizlik soliqning ko‘payib ketishiga olib kelishi mumkin.
Undan tashqari, imtiyozli tovar o‘rniga imtiyozsiz tovar kodlarini kiritsa, o‘sha summa bilan shakllanib qolishi mumkin. Masalan, deylik men imtiyozli tovarni sotdim, u soliqqa tortilishi kerak emas, lekin men adashib boshqa kodni kiritganim uchun soliq hisoblanishi mumkin.
Bundan tashqari, ba’zilar vositachilik xizmatini ko‘rsatadi. Vositachiga soliq chiqmasligi uchun faqat vositachilik qilgani uchun oladigan xizmat haqi hisoblanadi. Bunday holatlarda vositachi tovar sotuvchisining ma’lumotlarini to‘g‘ri kiritib qo‘yishi kerak. Agar ikkinchi tomonning INNsini kiritmasa, vositachiga ham soliq hisoblanishi mumkin.
Shunday holatlarni hisobot topshirgandan keyin buxgalterlar bilib qoladi. O‘zi keyingi hisobot topshirguncha xatoni tuzatish imkoni bor. Bu AOS topshiruvchilar uchun keyingi oyning 15-sanasi, QQS to‘lovchilar uchun esa 20-sanasi. Lekin o‘tgan oy yopilib ketgan bo‘lsa, undan oldingi oylarni tahrirlash imkoni yo‘q, shu sababli hozir shunday sharoit yaratib berilyapti.
















