Amerikalik taniqli aktyor va Demokratik partiya uchun xayriya mablag‘lari yig‘ish bo‘yicha tashkilotchilardan biri Jorj Kluni AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenni saylovoldi poygasini tark etishga chaqirdi. Bu haqda u New York Times uchun kolonkasida yozgan.

Aktyor Jo Bayden o‘z siyosiy faoliyati davomida juda ko‘p kurashlarda ustun kelgani, ammo endi u «vaqt bilan jangda ustun kela olmasligi»ni qayd etgan.

Aktyor maqolasida o‘zi «bir umrga demokrat» bo‘lib qolishini aytgan va bir necha marta demokrat nomzodlar kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ishda qatnashganini eslatgan. Klunining so‘zlariga ko‘ra, u uch hafta muqaddam Jo Bayden bilan uchrashgan va bu endi 2010 yilgi Bayden va hatto 2020 yilgi Baydenga ham o‘xshamasligini anglab yetgan.

«Men Jo Baydenni yaxshi ko‘raman. Senator sifatida. Vitse-prezident va prezident sifatida. Men uni do‘stim deb hisoblaganman va unga ishonganman. Uning xarakteriga ishonganman. Uning axloqiy fazilatlariga ishonganman. So‘nggi to‘rt yillikda u o‘zi to‘qnash kelgan ko‘plab janglarda g‘alaba qildi. Ammo u ustun kela olmaydigan yagona kurash — bu vaqt bilan jangdir. Bizning hech birimiz bunga qodir emasmiz. Buni aytish dahshatli, ammo men uch hafta muqaddam xayriya yig‘ish tadbirida uchrashgan Jo Bayden 2010 yildagi Jo Bayden emas. U hatto 2020 yilgi Jo Baydenga ham o‘xshamaydi. Bu biz barchamiz [Donald Tramp bilan] debatlarda ko‘rgan odam edi», — deya yozadi Kluni. 

Aktyor Demokratik partiya yetakchilari 51 million kishi ular aslida ko‘rgan narsani ko‘rmagani haqida gapirishni bas qilishi kerakligini qayd etgan. Uning hisoblashicha, demokratlar Trampning ikkinchi muddati ehtimolidan «shu qadar cho‘chib ketganki», «barcha ogohlantiruvchi belgilarni e’tiborsiz qoldirishga qaror qilishgan». 

Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, «barchasi yoshga bog‘liq» va boshqa gap yo‘q. U agar Demokratik partiya Jo Bayden bilan saylovga borsa, unda g‘alaba qozona olmaydi deb hisoblaydi.

«Bu faqat mening fikrim emas. Bu men yuzma-yuz gaplashgan har bir senator, Kongressning har bir a’zosi va har bir gubernatorning fikridir. Ular omma qarshisida nima deyishganidan qat’i nazar», — degan Kluni. 

Kluni Demokratik partiyada prezidentlik poygasi uchun yangi nomzod topishga hali vaqt borligini ta’kidlagan. 

Kolonka oxirida u Baydenni 2020 yilda demokratiyani «qutqarib qolgan» qahramon deb atagan. «U 2024 yilda yana bir bor shu ishni qilishi kerak», — deya xulosa qilgan aktyor.