Sport | 00:37 / 31.07.2024
18775
2 daqiqa o‘qiladi

Parij-2024. Hasanboy Do‘smatov Olimpiadani g‘alaba bilan boshladi, eng yosh bokschimiz ham chorakfinalda

Foto: Getty Images

Parij-2024 Olimpiadasida keyingi bosqichga yo‘llanma olgan boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolari soni 6 nafarga yetdi.

30 iyul, seshanba oqshomida Hasanboy Do‘smatov Parij-2024 Olimpiadasi boks bahslarini g‘alaba bilan boshladi.

Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi sanalmish o‘zbekistonlik -51 kg vazn toifasidagi bokschi o‘zining musobaqadagi ilk bahsini Puerto-Riko vakili Xuan Manuyel Lopesga qarshi o‘tkazdi. Jangda raqibidan ustunligini namoyish etgan Hasanboy uch raund yakuniga ko‘ra, 5:0 hisobida g‘alabaga erishib, chorakfinalga yo‘llanma oldi.

Hasanboyning jangidan yarim soat o‘tib, boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining eng yosh a’zosi To‘rabek Habibullayev ham Parij-2024 Olimpiadasi boks bahslarini g‘alaba bilan boshladi.

Foto: Getty Images

-80 kg toifasidagi o‘zbekistonlik 20 yoshli bokschi 1/8 finalda filippinlik Tokio-2020 sovrindori Eumir Marsyalga qarshi ringga ko‘tarildi. Jang davomida raqibidan ustunligini ko‘rsata olgan To‘rabek uch raund yakunlariga ko‘ra, Marsyalni mag‘lubiyatga uchratdi – 5:0.

Shu tariqa, u hozirgacha chorakfinalga yo‘llanma olgan o‘zbekistonlik 6-bokschiga aylandi. 

Eslatib o‘tamiz, bungacha bokschilardan Ruslan Abdullayev, Lazizbek Mullajonov, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov va Sitora Turdibekova ham keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsa, Nigina O‘ktamova turnirni tark etgandi.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid