Hongkong, Singapur va Tayvan olimpiada medallari uchun eng ko‘p mukofot puli to‘laydigan davlatlar hisoblanadi. Bu haqda Kaktus.media nashri ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, Hongkong olimpiada oltin medali uchun $768,5 ming, Singapur $737 ming va Tayvan $720 ming to‘laydi, bu dunyodagi eng katta mukofot pullaridir.

Medallar kam – mukofotlar miqdori katta

Hongkong Olimpiadada Xitoydan alohida, o‘z bayrog‘i ostida qatnashmoqda. Oltin medal uchun Hongkong 768,5 ming dollar, kumush va bronza uchun mos ravishda 384 ming va 192 ming dollar to‘laydi. Jamoaviy sport turlarida medallar uchun mukofot yuqoriroq: birinchi o‘rin uchun 1,5 million dollardan sal ko‘proq, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mos ravishda 768 ming va 384 ming dollar. Qizig‘i shundaki, Hongkong quyi o‘rinlarni ham taqdirlaydi: yakka sport turlarida to‘rtinchi o‘rin egalari 96 ming dollar va jamoaviy sport turlarida 192 ming dollar oladi. Beshinchidan sakkizinchigacha bo‘lgan o‘rinlar uchun - shaxsiy va jamoaviy musobaqalarda mos ravishda 48 ming va 96 ming dollar. Bunday saxiylikni tushunsa bo‘ladi — Hongkong Olimpiya o‘yinlarida kamdan-kam hollarda medal oladi.

Singapur o‘zining mukofot dasturi orqali, yakka sport turlari bo‘yicha g‘oliblarga 1 million singapur dollari (taxminan 737 ming dollar) taklif qiladi. Jamoaviy sport turlari bo‘yicha g‘oliblarga 2 million singapur dollari (taxminan 1,5 million dollar) to‘lanadi. Yuqoridagi summalarning 50 foizi kumush medal sohiblariga, 25 foizi bronza medali sohiblariga beriladi. Hozircha faqat bir nafar singapurlik bunday mukofotga sazovor bo‘lgan - suzuvchi Jozef Skuling 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlarida 100 metrga batterflyay usulida suzishda g‘olib chiqqan. Bu Singapurning birinchi va hozircha yagona oltin medalidir.

Olimpiadada «Xitoy Taypeyi» rasmiy nomi bilan ishtirok etayotgan Tayvan o‘z sportchilariga oltin uchun 720 ming dollar, kumush uchun 252 ming dollar va bronza uchun 180 ming dollar taklif qilmoqda. Tokiodagi o‘yinlarda Tayvan 12 medalni qo‘lga kiritdi, bu 2000 yilda o‘rnatilgan rekordni ikki baravar oshirdi. Bundan tashqari, tayvanlik Olimpiada chempionlari hukumat dasturi doirasida bir martalik 20 million Tayvan dollari (600 ming dollar) va har oy 125 ming Tayvan dollari (4000 dollar) miqdorida umrlik stipendiya oladi.

Indoneziya, Qozog‘iston, Malayziya, Marokash, Italiya, Filippin, Tailand, Vengriya, Kosovo, Estoniya va Misr ham Parij Olimpiadasi medallari uchun olti raqamdan iborat mukofotlarni (112 ming dollardan 365 ming dollargacha) taklif qilgan.