Diyoraning tarixiy chempionligi, bojlarni yoqlagan SSP raisi va Toshkentga 20 ta ko‘prik - hafta dayjesti
Dzyudochi Diyora Keldiyorova olimpiadada eng kuchli raqibni dog‘da qoldirib, tarixiy oltin medalni qo‘lga kiritdi. Savdo-sanoat palatasi raisi elektromobillarga boj kiritishni qo‘llab-quvvatladi. Metan gaz narxiga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi. Toshkent piyodalar uchun yanada noqulay shaharga aylanishi mumkin. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Haftaning bosh qahramoni – dzyudochi Diyora Keldiyorova. U yozgi olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lgan o‘zbekistonlik ilk ayol sportchiga aylandi. Bundan tashqari, Diyora O‘zbekiston dzyudosi tarixida olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgan birinchi sportchi ham bo‘ldi.
26 yoshli chempion Parijdagi o‘yinlarning nimchorak finalida olimpiadaning amaldagi g‘olibi, yaponiyalik Uta Abening 5 yillik mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berib, uni turnirdan chiqarib yuborgani bilan shov-shuv ko‘tardi. Shundan keyin Keldiyorovaning oltin olishiga ko‘pchilikda shubha qolmagandi. U finalda Tokio olimpiadasining boshqa bir chempioni, kosovolik Distriya Krasnichini mag‘lub etdi va shu tariqa, Parijdagi o‘yinlarda ilk bor O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Diyoraga qo‘ng‘iroq qilib, uni O‘zbekiston xalqi nomidan tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi. “Shunday jasoratli, matonatli, fidoyi qizim borligidan g‘ururlanaman. Kamdan kam bo‘ladigan g‘alaba bo‘ldi, dunyo qoyil qoldi. O‘zbekiston obro‘sini ko‘tardingiz, rahmat qizim”, – dedi davlat rahbari.
Diyora Keldiyorova Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida, oddiy oilada tug‘ilgan. Onasi Dilorom Sharipovaning aytishicha, qizi Parijda Abega qarshi tatamiga chiqishidan avval telefon qilganida, dalada sigiri uchun beda o‘rayotgan bo‘lgan. “Shoshib qoldik o‘sha payt. Dadasi velosipedda yuradi, “siz tezroq borib televizorni yoqing”, dedim. O‘zim ham Abega qarshi jangi boshlanishigacha uyga qaytishga ulgurdim”, deydi chempionning onasi.
“Abeni yiqitdi, ana shundan xursandman. Necha yillik mashaqqat bilan. Abe bilan chiqyapti desa, men yuragimni hovuchlab o‘tirdim, chunki Abe necha yildan beri birinchilikni bermayotgandi”, – dedi Dilorom Sharipova.
Diyoradan keyin dzyudochilar Muzaffarbek To‘raboyev va Alisher Yusupov O‘zbekiston hisobiga ikkinchi va uchinchi medallarni olib berdi: ular bronza medali sohibi sifatida shohsupaga ko‘tarildi. Tokio olimpiadasida bronza olgan Davlatbek Bobonov esa bu gal kutilmaganda dastlabki bahsdayoq imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Hafta oxirida yarimfinalga chiqqan 5 nafar bokschimiz O‘zbekistonning medallari sonini 8 taga yetkazdi. Bular qanday medallar bo‘lishi yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi. Yakshanba kuni Lazizbek Mullojonov va Hasanboy Do‘smatov, seshanbada Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, chorshanbada Bahodir Jalolov, payshanba kuni esa Abdumalik Xalokov final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi. Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik bokschilar Rio olimpiadasida 7 ta medal bilan shov-shuv ko‘targanidan keyin, Tokiodan faqat Jalolovning oltini bilan qaytgan edi.
Hafta davomida, shuningdek, futbol jamoamiz Olimpiadadagi ilk ochkosini qo‘lga kiritib, debyut ishtirokiga yakun yasadi. Temur Kapadze jamoasi 30 iyul kuni Dominikan Respublikasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, guruhda oxirgi o‘rinni band etdi. Jamoa o‘tgan hafta Ispaniya va Misrdan mag‘lub bo‘lgach, keyingi bosqich yo‘llanmasini boy bergan, shundan keyin uchinchi o‘yin ramziy ahamiyatga ega bo‘lib qolgandi.
SSP raisi – elektromobillarga boj tarafdori
Elektromobillar importiga boj kiritilishi haqidagi xavotirlar jiddiylashmoqda. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boj joriy etishni 100 foiz qo‘llab-quvvatlashini aytdi. U o‘tgan hafta shunday taklif bilan chiqqan ADM Jizzakh bosh direktori Doniyor Davletyarov bilan hamfikr ekanini ta’kidlab, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish sohada malakali mutaxassislar yetishtirish imkonini berishini iddao qildi. Bu gaplari jurnalistlarga qaratilganini qayta-qayta ta’kidlagan Vahobov, o‘z pozitsiyasini dastaklash uchun Turkiya, Braziliya, AQSh va Yevropada ham elektromobillarga boj borligini misol qilib keltirdi.
SSP raisining bu gaplarini jamoatchilik g‘azab va xavotir bilan qabul qildi. Faol iqtisodchilar Vahobovning gaplarini rad etib chiqishdi. Otabek Bakirov O‘zbekiston avtomobil bozoridagi vaziyatni Turkiya, Braziliya, AQSh yoki Yevropa bilan taqqoslab bo‘lmasligi, bu davlatlarning ichki bozorida ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobat juda yuqoriligi, qolaversa, Vahobov aytayotgan joylarda hech qaysi ishlab chiqaruvchiga yashirin qarorlar bilan alohida imtiyozlar berilmasligini aytdi.
Professor Behzod Hoshimov bu muammoning kelib chiqish tarixiga nazar tashlab, Asakadagi zavod O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun katta to‘siq va o‘lpon bo‘lganini qayd etdi. “Asakadagi zavod – samarasizlik va Karimov davridagi noto‘g‘ri iqtisodiy siyosatni mujassam qiluvchi ramz. Xuddi shunday chuqurlarga ochiq ko‘z bilan ketayotganimiz achinarli”, dedi Hoshimov.
Ma’lumot uchun, bir yil oldin qabul qilingan prezident farmoni bilan, Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlangan. Bir necha oy oldin hukumat 2 yil ichida JST a’zosi bo‘lishni rejalashtirayotganini e’lon qilgandi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bu tashkilotga a’zo bo‘lish uchun ariza berganiga bu yil roppa-rosa 30 yil to‘ldi.
Metan narxini tartibga solish to‘xtatilgani aytildi
Avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gazining eng yuqori narxini davlat tomonidan belgilash bo‘yicha 10 oy davom etgan rasmiy tartib bekor qilindi. Avvaliga 6 oyga kiritilgan cheklov muddati, ikki marta uzaytirilib, 1 avgust kuni yakuniga yetdi. Hukumat axborotiga ko‘ra, bundan buyon davlat bu sohada narx belgilashga aralashmaydi. Shu bilan birga, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘riladi. Prezident bu borada Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga topshiriq bergan.
Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, narx cheklovi bekor qilinganidan keyin respublika bo‘yicha 1450 ta gaz to‘ldirish shoxobchasining 71 foizida 3750 so‘mlik narx o‘zgarishsiz qolgan. Metan-shoxobchalarning 25 foizida narx 200 so‘mgacha oshgani, qolgan 4 foiz shoxobchalar ishlamayotgani aniqlangan. “Bugungi kunda, metan gazi narxining keskin oshishiga sabab bo‘luvchi omillar mavjud emas”, dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev.
Ayni kunlarda metandan ko‘ra propan narxlaridagi o‘sish yuqoriroq. Qoraboyevning so‘zlariga ko‘ra, shoxobchalarning 70 foizida propan 5500 so‘mdan 6500 so‘mgacha narxda sotilmoqda. Bu birjadagi ulgurji narxlar oshishi ortidan ro‘y bergan. Birja ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir oyda propanning 1 tonnasi 25 foizga qimmatlashgan. Raqobat qo‘mitasi buning sabablarini o‘rganyapti. Raqobatga zid harakatlar aniqlangan taqdirda, albatta chora ko‘rilishi aytildi.
Gaz uchun ajratilgan subsidiyalar ishlatib bo‘lindi
Davlat budjetidan tabiiy gaz uchun 2024 yilga deb ajratilgan trillionlarning hammasi yarim yil ichida ishlatib bo‘lindi. 2024 yilgi budjet qonuniga ko‘ra, yil davomida tabiiy gazni subsidiyalashga ketadigan xarajatlar miqdori 9,5 trln so‘mdan oshmasligi kerak edi. Lekin, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ochiqlagan raqamlarga qaralsa, 1 iyulgacha bu pullarning 98 foizi allaqachon ishlatib bo‘lingan.
Shunga o‘xshash holat issiqlik ta’minoti korxonalarida ham ro‘y bergan. Ularning zararini qoplash uchun ajratilgan 1,9 trln so‘m yillik subsidiyaning 1,5 trln so‘mi yilning yarmidayoq sarflab qo‘yilgan. Bu esa yilning ikkinchi yarmi uchun subsidiyaga yana pul ajratish zaruratini keltirib chiqaradi. Chunki, aholi uchun tariflar oshirilgan bo‘lsa ham, gaz ayniqsa xususiy qazib chiqaruvchilardan ancha qimmat narxlarda sotib olinadi. Qolaversa, o‘tgan yili kuzda Rossiyadan e’lon qilinmagan narxlarda gaz xarid qilish boshlangach, O‘zbekistonning 2024 yil birinchi yarmidagi gaz importi 5 barobarga oshgan.
Avvalroq birinchi yarim yillikda davlat budjeti taqchilligi 34 trln so‘mdan oshgani ma’lum bo‘lgandi. Bu – bir yil oldingiga nisbatan 27 foizga ko‘p. Ayni mana shu fonda, oxirgi bir necha yil ichida ilk marta yilning birinchi yarmida maoshlar oshirilgani yo‘q. Shu tariqa, eng yopiq sohalardan biri bo‘lgan gaz bo‘yicha xarajatlarning rejadagidan ko‘proq bo‘lishi, boshqa sohalarga ajratiladigan mablag‘larning rejadagidan kamroq bo‘lishini ham anglatadi. Yoki, avvalgi yillardagi kabi, rejadagidan ko‘proq qarz olishga ham to‘g‘ri kelishi mumkin.
Darvoqe, shu hafta O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan 400 mln dollar qarz olishi ma’lum bo‘ldi. Bank axborotiga ko‘ra, bu mablag‘ning 300 mln dollarlik qismi energetika sohasini isloh qilish, xususan yaqinda ish boshlagan elektr energetikasi sohasi regulyatorining faoliyatini tashkil etish uchun yo‘naltiriladi.
Toshkentda 20 ta piyodalar ko‘priklari qurilishi mumkin
Yo‘llarda piyodalar birinchi o‘ringa qo‘yilishi haqidagi gaplarga qaramay, Toshkent shahri piyodalar uchun borgan sari noqulay shaharga aylanishda davom etadi. 31 iyul kuni poytaxt deputatlari shaharda yana 20 ta yerusti piyodalar o‘tish joylari qurilishini ma’qulladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 107 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ kerak bo‘ladi. Deputatlar qurilish ishlarini boshlash uchun bu mablag‘ning hozircha yarmini ajratishga qaror qilgan.
Bu 20 ta piyodalar ko‘prigi qayerlarda qurilishi noma’lum. Ularda lift yoki eskalator bo‘ladimi, agar bo‘lsa ishlaydimi, bu ham ma’lum emas. Shunisi ma’lumki, hozirgacha qurilgan aksariyat ko‘priklar odamlar uchun noqulay. Umuman, eng avvalo aytish kerak bo‘lgan narsa shuki, piyodalarni haqiqatan ham birinchi o‘ringa qo‘ygan shaharlar ularni shunchaki yo‘lni kesib o‘tish uchun yerostiga tushishga yoki ko‘prikka chiqishga majbur qilmaydi. Eng to‘g‘risi va mutaxassislar tomonidan ma’qul ko‘riladigani – klassik shakldagi svetoforli piyodalar o‘tish joyi. Shaharsozlar piyodalar ko‘priklarini shahar atrofidagi halqa yo‘llari, shahar tashqarisidagi trassalar va temiryo‘lni kesib o‘tish joylaridagina qurish maqsadga muvofiqligini aytishadi.
Shaharlar ichkarisida piyodalar ko‘priklarini qurish – qariyalar, jarohati yoki nogironligi bo‘lganlar, yosh farzandini kolyaskada olib ketayotgan ota-onalar, yuk ko‘tarib ketayotgan shaxslar va boshqalar uchun yo‘llarda harakatlanishni qiyinlashtiradi. Qolaversa, hayotini xavf ostida ham qoldirib bo‘lsa ham ko‘prikka chiqmasdan yo‘lni kesib o‘tishni afzal ko‘radiganlar har doim topiladi, chunki ko‘prikka chiqishdagi baland zinalar va uzun yo‘laklar tabiiy ravishda soppa-sog‘ odamga ham yoqmaydi. Bu tabiiy holatni shahar ichidagi istalgan piyodalar ko‘prigining oldida kuzatish mumkin.
Shulardan kelib chiqib, faollar rasmiylarni piyodalar ko‘prigi qurishdan oldin jamoatchilik bilan maslahatlashishga chaqirmoqda. Harvard universiteti professori Botir Qobilovning fikricha, bunday ko‘priklarning yangisini qurish emas, balki mavjudlarini buzib tashlash to‘g‘riroq bo‘ladi. “Piyodalarni dushmandek “yo‘limizdan ham, ko‘zimizdan ham chetroqda yursin” degan shior bilan qiynaydigan bunday infratuzilmalar ko‘paymasligi kerak edi”, deya yozdi Botir Qobilov.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Davlat oliygohlarida to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘rtacha 15 foizga oshirildi. Kontraktlar oxirgi 4 yildan beri o‘zgarmay kelayotgandi. Yangi narxlarga ko‘ra, bu o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi shakli pedagogika yo‘nalishida o‘qish shartnomasi qiymati 7,4 mln, tibbiyotda 10,5 mln, huquq va xalqaro iqtisodiy munosabatlarda 11 mln 250 ming so‘m deb belgilandi. Bu – stipendiyasiz, bazaviy narxlar. Magistraturada esa yo‘nalishga qarab kontrakt summalari 9 mln so‘mdan 12 mln 800 ming so‘mgacha farq qiladi.
Toshkent shahridagi noodatiy reklama bannerlari muhim masalaga aholi e’tiborini qaratdi. Bu bannerlarning birinchi sahifasida “onasini emsin” deb yozilib, keyin “bu so‘kinish emas, shifokorlar tavsiyasi” ekani qayd etilgan. Tashabbuskorlarning so‘zlariga ko‘ra, bu – Butunjahon emizish haftaligi doirasidagi axborot kampaniyasi bo‘lib, shu orqali haqorat so‘ziga aylangan iboraga “asl ma’no”ni qaytarishga harakat qilingan. Faollarga ko‘ra, O‘zbekistonda sut o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanganiga qaramay, aralashmalar reklamasi va ularni internetda targ‘ib qilish davom etyapti, bu esa ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga bo‘lgan talabni sun’iy ravishda oshirishga xizmat qilmoqda.
Yakkasaroy tumani “pasport stoli” sobiq boshlig‘i 7 yilga qamaldi. U chet el fuqarolariga O‘zbekiston fuqaroligini sotgan deb topildi. Sud hukmida yozilishicha, sudlanuvchi Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning 9 nafar fuqarosiga pul evaziga noqonuniy tarzda ID karta va “qizil pasport” rasmiylashtirib bergan. Bu “xizmati” uchun jinoiy sherigi bilan birga 4 ming dollardan 15 ming dollargacha pul olgan. Bu jinoyatlari uchun korrupsioner amaldor 7 yilga, uning qirg‘izistonlik sherigi 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Chiroqchi tumani hokimi fuqaroga tarsaki tushirdi. Internetda tarqalgan videoda ko‘rinishicha, hokim Fayzulla Yusupov IIB xodimlari gaplashib turgan fuqaroning oldiga kelib, uning yuziga tarsaki tortib yuborgan. Video tarqalib ketgach, Qashqadaryo viloyati hokimligi unga nisbatan intizomiy chora ko‘rdi. Aynan qanday chora ekaniga esa aniqlik kiritilmadi. Viloyat hokimligiga ko‘ra, Fayzulla Yusupov bunday qilmishni yana takrorlasa, tegishli javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilgan.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024