Yangi o‘quv yilidan maktablarga chiqishi kutilayotgan 700 mingdan ortiq 1-sinf o‘quvchilariga 12 nomdagi o‘quv qurollari beriladi. Sovg‘alar 10 avgustgacha hududlarga, 20 avgustgacha esa barcha umumta’lim maktablariga yetkaziladi. Kun.uz jarayon qanday kechishini kuzatdi.
Bu yil O‘zbekistondagi maktablarga 719 366 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. 6 avgustdan boshlab ular uchun kerakli birlamchi o‘quv qurollari “Prezident sovg‘asi” sifatida tarqatila boshlandi.
12 ta predmetdan iborat to‘plamdan portfel, daftar, rasm daftari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim, o‘chirg‘ich joy olgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ta’minot va logistika xizmati tomonidan beriladigan sovg‘alar 10 avgustgacha hududiy boshqarmalarga, 20 avgustgacha esa barcha maktablarga to‘liq yetkaziladi.
Vazirlik boshqarma boshlig‘i Erkin Murodovning aytishicha, o‘quv qurollarini tayyorlashda ularning sifatiga alohida e’tibor qaratilgan.
“Buning uchun ota-onalar, mutaxassislar, maktab o‘quvchilarining fikrlarini o‘rgandik. Har bir o‘quv quroli uchun muvofiqlik sertifikati, sanitar-normalarga javob berish holatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Yana bir muhim jihati shundaki, biz o‘quv qurollarini tayyorlashimizda har bir bolaga yetarli miqdorda o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlash uchun 1-sinfga qabul qilinadigan har bir farzandlarimizni maxsus elektron platformaga nomma-nom kiritganmiz. Bu hech bir bolaga o‘quv qurollari yetmasdan qolmasin degan muammoning oldini olishga qaratilgan.
Bu yildan boshlab bir xil rangdagi o‘quv qurollari tayyorlangan. O‘tgan yillarda o‘g‘il va qiz bolalarga alohida-alohida ranglar bo‘lgan, lekin amaliyotdagi nomuvofiqlik tufayli o‘g‘il bolalar uchun boshqa rangdagi, qiz bolalarga boshqa rangdagi portfellar berilgan. Shuning oldini olish uchun bu yildan bir xil qilinyapti”, – deydi u.
Qayd etilishicha, “prezident sovg‘asi” nafaqat davlat umumta’lim maktablari, balki vazirlik-idoralar tasarrufidagi boshqa maktablar va nodavlat umumta’lim muassasalariga ham yetkazib beriladi.
Bugungi kunda davlat maktablariga 590 mingdan ortiq o‘quvchi qabul qilingan, lekin reja bo‘yicha ularning soni 719 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda.














