Bugun, 16 avgust kuni Angliya Premer-ligasida yangi mavsum boshlanadi – Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da «MYu» «Fulhem»ni qabul qiladi. Mavsumda intriga yetarlicha. Mikel Arteta va Pep Gvardiolaning qatorasiga uchinchi qarama-qarshiligi, «Liverpul»da Yurgen Kloppsiz hayot, «Chelsi» nomidagi xaos, yana bir qiziqarli intriga esa – Chempionshipdan chiqqan delegatlardan birortasi ligada qolish-qolmasligi bo‘yicha (o‘tgan mavsumda uchala jamoa ham quyi ligaga ravona bo‘lgandi).

«Manchester Siti»
Transfer xarajatlari: 25 mln yevro
Sotuvdan daromad: 116 mln yevro

Pep Gvardiolaning shartnomasi muddati 2025 yil yoziga qadar tuzilgan, shu tufayli muxlislar «Siti»dan kamida yana bitta kuchli mavsum kutishi mumkin. Startda jamoa mexanizmida yana biroz muammolar kuzatilishi ehtimoli bor (hozircha asosiy tarkib futbolchilarining barchasi ham maydonga tushishga tayyor emas), ammo bahorga borib bu jamoa dahshatli sur’atda harakatlanib, ligadagi har qanday intrigani o‘ldira oladi. So‘nggi mavsumlarda ayni shu holat takrorlanmoqda.

Jamoa Xulian Alvares bilan xayrlashdi, argentinalik hujumchi 75 mln yevro evaziga «Atletiko»ga o‘tdi. Jamoa farm klublari tizimidan Savio yetishib chiqdi – «Trua» ushbu 20 yoshli braziliyalik vinger uchun 25 mln yevro ishlab oldi. U o‘tgan mavsumda Ispaniya chempionatida «Jirona» safida ijara asosida o‘ynab, gol va pas tizimida 9+10 natijasini qayd etgandi. U yangi jamoasida Jyeremi Doku va Jyek Grilishga raqobat ko‘rsatadi.

Jamoaning qolgan chiziqlarida deyarli o‘zgarishlar yo‘q. Erling Holand gollarni qalashtirishga tayyor, Fil Foden jamoaning yangi yetakchisi sifatidagi rolini mustahkamlash yo‘lida. U keksayayotgan Kevin De Bryuyne va Kayl Uokerning o‘rnini egallashi mumkin.

Jamoa yangi mavsumdagi ilk sovrinni qo‘lga kiritib ulgurdi – Angliya Superkubogi uchun bahsda «MYu» penaltilar seriyasida mag‘lub etildi. Ammo yomon xabar ham bor – yozdagi yig‘inlarning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Oskar Bobb jarohat oldi va uch-to‘rt oy muddatga safdan chiqdi.

Mavsumoldi yig‘ini

«Siti» — «Seltik» — 3:4 – Bobb (O’Rayli), Perrone (Bobb), Holand (Bobb)
«Siti» — «Milan» – 2:3 — Holand (Bobb), Makeyti (Hemilton)