2024/25 yillar mavsumi Yevropa futbolida — tarixiy bo‘ladi. Afsonaviy Chempionlar ligasi yangicha formatda debyut qiladi: bu qanday bo‘ladi?

Ishtirokchilar

Bugun, 29 avgust kuni, Toshkent vaqti bilan 21:00 da Chempionlar ligasi uchun qur’a tashlash marosimi boshlanadi. Avvallari bu guruh bosqichi deb atalardi, ammo endi guruhlar yo‘q. 

Yangi mavsumda ishtirokchilar soni oshgan — endi 32 klub o‘rniga birinchi bosqichda 36 klub qatnashadi.

Yo‘llanmalar taqsimoti son oshishi hisobiga biroz o‘zgargan. Yangi mavsumdan matematika quyidagicha:

— 25 o‘rin — milliy chempionatlardagi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmalar;

— 2 o‘rin — «yevrokuboklardagi natijalar uchun yo‘llanmalar» deb ataladi. Bu kvotalar har mavsumda ligalarning yevrokuboklardagi so‘nggi natijalardan kelib chiqqan holda ularning vakillariga beriladi. Bu mavsumda bu o‘rinlar «Bolonya» (Italiya) va «Borussiya» (Germaniya)ga nasib qilgan;

— 2 o‘rin — YeChL va YeL g‘oliblariga. Ular milliy chempionatlardagi o‘rinlari evaziga saralangan taqdirda, yo‘llanmalar qaytadan taqsimlanadi. Bu mavsumda vaziyat aynan shunday bo‘ldi, shu tufayli «Shaxtyor» va «Benfika»ga o‘tdi;

— 7 o‘rin — saralash bosqichidan o‘tganlarga («Yang Boyz», «Sparta», «Red Bull Zalsburg», «Slovan» Bratislava, «Tsrvena Zvezda», «Lill», «Dinamo» Zagreb).

Umumiy bosqich formati

Sakkiz kvartetdan iborat guruh bosqichi endi yo‘q. Uning o‘rniga 36 klub UYeFA reytingiga qarab to‘rt savatchaga ajratilgan:

— eng kuchlilar;

— kuchlilar;

— o‘rtamiyonalar;

— kuchsizlar.

Savatchalarning har birida — to‘qqiztadan jamoa o‘rin olgan. Endi faqat Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibigina birinchi savatchaga joylashtiriladi (avval Yevropa Ligasi g‘olibi va yetakchi ligalarning chempionlari ham birinchi savatchada bo‘lardi). Qolgan klublar yevrokuboklardagi so‘nggi besh mavsumdagi koeffitsiyentlariga ko‘ra joylashadi. Savatchalar quyidagicha ko‘rinishda:

Bu safar klublar dastlabki bosqichda uch raqib emas, balki sakkiz raqibga qarshi o‘ynaydi — har savatchadan ikkitadan jamoaga qarshi bittadan o‘yin. Barcha klublar to‘rt o‘yinni o‘z maydonida, yana to‘rttasini safarda o‘tkazadi. Har bir jamoa har bir savatdan bittadan raqibni o‘z uyida qabul qiladi. Aytish mumkinki, endi birinchi savatchadan o‘rin olish oldingidek foydali bo‘lmaydi. Har qanday holatda ham har bir savatdan ikkitadan raqibga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keladi.