Ayol o‘z bolasini qiynoqqa solib, boz ustiga buni videotasvirga olib Rossiyada ishlayotgan eriga yuboradi. Bu video er orqali tegishli organlarga yetib boradi va ona jazoga tortiladi. Bu so‘nggi vaqtlarda ko‘p uchrayotgan o‘xshash hodisalardan biri. Kun.uz shu kabi hodisalar qay tarzda yuz berishiga, bunga qanday omillar sabab bo‘lishiga qiziqdi. Videoni tomosha qilib, "hammasiga faqat ayolning o‘zi sababchi" degan fikringiz biroz o‘zgarsa ajab emas.

Yaqinda o‘z bolasini qiynagan ayolga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Jamoatchilik voqeaning faqat shu tafsilotini eshitdi, xolos. Xo‘sh bungacha nima bo‘lgandi?

Ikki marta o‘xshamagan turmush – singan ruhiyat

Biz ismini shartli ravishda Surayyo deb ataydigan qiz yetimlikda buvisining qo‘lida, qiyinchilikda katta bo‘ladi. 19 yoshida qishloqdoshiga uzatiladi. Oradan xech qancha vaqt o‘tmay kuyov ishlash uchun Rossiyaga yo‘l oladi va u yerda boshqa ayolga uylanadi. Surayyo bilan ajrashadi va ayol buvisining uyiga qaytadi.

O‘z kunini o‘zi ko‘rishga harakat qilib, turli joylarda ishlab yurgan Surayyo 2020 yilda ikkinchi marta turmush quradi. Ammo 2-turmushda ham uni shunday taqdir kutadi – xorijga ishlagani ketgan eri uyga qaytmasligini, o‘sha yerda uylanganini aytadi. Kamiga Surayyoning qo‘ng‘iroqlariga javob bermaydi, o‘g‘li uchun pul ham yubormay qo‘yadi. Bola parvarishi bilan band, moliyaviy va psixologik tang holatdagi ayol bolasi bilan yana keksa buvining uyiga qaytadi.

Uning fikr-xayoli qanday bo‘lmasin erini uyga qaytarish edi. Shunday kunlarning birida u eri bilan videoqo‘ng‘iroq orqali gaplasha turib bolasini telefon kabeli bilan bo‘g‘adi va eriga agar qaytmasa o‘zini ham, bolani ham o‘ldirishini aytadi.

Ayolning bu harakati erkak tomonidan telefonga saqlab olinadi va IIBga yuboriladi. Tergov harakatlari olib borilib ish sudga oshiriladi.

Surayyo bu ishni jahl ustida qilganligini, aslida bolasini bo‘g‘maganligini, kabelni uning bo‘ynida yolg‘ondan ushlab turganini, bolasi uyqusi buzilgani uchun yig‘laganini aytadi. Lekin sud uni Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismining “a,v” bandlari va 112-moddasining (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi. Ayolga 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.