Blinken: Bayden Kiyevga Rossiyaga ATACMS bilan zarba yo‘llashga ruxsat berishi mumkin
AQSh davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Jo Bayden Vashington Ukrainaga Rossiya hududiga raketa zarbalari yo‘llashiga ruxsat berilishini «istisno etmayapti», deb xabar qildi Sky News.
AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Ukrainaga Rossiya hududiga chuqur raketa zarbalari yo‘llashiga ruxsat berilishini istisno etmaydi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 10 sentabr, seshanba kuni Sky News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Avvalroq, Londondagi matbuot anjumanida Blinken Eron Moskvaga qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yetkazib bergani va Rossiya qurolli kuchlari ularni «bir necha hafta ichida» Ukrainada qo‘llashni boshlashi mumkinligini tasdiqladi. Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «o‘nlab rossiyalik harbiy xizmatchilar» Eronning Fath-360 ballistik raketalaridan foydalanish bo‘yicha o‘qitilgan.
Qo‘shma Shtatlar Ukrainani «Rossiya agressiyasini samarali qaytarish» uchun kerak bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lishi uchun qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, Vashington Ukraina harbiy xizmatchilari o‘zining G‘arb ittifoqchilarining «murakkab tizimlari»ga xizmat ko‘rsata olishi haqida o‘ylashi kerak edi, deb ta’kidlaydi Sky News.
«Qaror qabul qilishda bularning barchasini hisobga olish kerak, ammo shuni ayta olamanki, biz yo‘lda har bir qadamni moslashtirdik, to‘g‘rilab oldik va davom etamiz - shuning uchun biz buni istisno qilmaymiz (Vashingtonning zarbalarga ruxsati)», dedi Entoni Blinken.
Blinken va Lemmi Ukrainaga birgalikda tashrif buyurishini e’lon qildi
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Ukrainaga birgalikda tashrif buyurishlarini e’lon qilishdi. 10 sentabr kuni AQSh Davlat departamentining aniqlik kiritishicha, Blinken va Lemmi 11 sentabr kuni Ukrainaga boradi. Safar haqidagi ma’lumotni Britaniya TIV rahbari Londonda amerikalik hamkasbi bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida ham tasdiqladi. «Bu o‘n yildan ortiq vaqt ichida bunday turdagi birinchi qo‘shma tashrif bo‘ladi», dedi Lemmi.
Davlat departamenti siyosatchilarning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ukraina hukumati yuqori martabali vakillari bilan uchrashishi rejalashtirilganini tushuntirdi. Xususan, Rossiya agressiyasidan himoya qilish va Ukrainaning «uzoq muddatli istiqbolda harbiy, iqtisodiy va demokratik jihatdan gullab-yashnashi uchun» Kiyevni qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilinadi», deyiladi departamentda.
AQSh Ukrainaga yangi yordam paketi ajratilganini e’lon qildi
AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga 250 million dollar miqdorida navbatdagi harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qildi. Bu haqda 6 sentabr kuni Pentagon saytida ma’lum qilindi.
Xususan, Kiyev Vashingtondan Stinger raketalari, HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, 155 mm va 105 mm artilleriya o‘q-dorilari, tankka qarshi Javelin va AT-4 tizimlari, Bradley piyoda jangovar mashinalari, M113 zirhli transport vositalari, patrul qayiqlari va boshqa narsalar oladi.
AQSh Eron Rossiyaga ballistik raketalar topshirganidan xabar topdi
AP xabariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilarini Rossiyaga qisqa masofali ballistik raketalarni topshirish ehtimoli haqida xabardor qilgan. Vaziyatdan xabardor va anonimlik sharti bilan gapirgan ikki agentlik manbasi qancha raketalar va qachon uzatilgani haqida hech qanday ma’lumot bermadi, deb yozdi AP 8 sentabr kuni.
Shunday qilib, agentlik suhbatdoshlari Amerika razvedkasining xulosalarini tasdiqladilar, deyiladi qo‘shimcha ravishda. AP ta’kidlaganidek, Oq uy Eronning Rossiyaga raketalarni topshirganini tasdiqlashdan bosh tortdi, biroq Eron Moskvani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirib borayotganidan yana bir bor xavotir bildirdi. Bir necha oydirki, Vashington Tehronni ballistik raketalarni Rossiya Federatsiyasiga bermaslikka chaqirib keladi.
Mavzuga oid
18:53 / 28.09.2024
AQSh Davlat kotibi Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi
11:46 / 13.09.2024
Ukrainaga Storm Shadow bilan Rossiya bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berildi. Asosiy ma’lumotlar
09:59 / 12.09.2024
Blinken: AQSh Kiyevga 717 mln dollarlik gumanitar yordam ajratadi
09:50 / 11.09.2024