AQSh Mudofaa vazirligi 2025 yil bahorining oxirida G‘arbning uzoq masofali qurollaridan foydalangan holda Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududiga zarbalarini blokladi, deb xabar berdi 23 avgust kuni The Wall Street Journal Amerika va Britaniyadagi anonim qolishni istagan rasmiylarga tayanib. WSJ’ning ikki manbasiga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari kamida bir marta Rossiyadagi nishonga qarshi ATACMS’dan foydalanishga uringan, ammo rad javobini olgan.

Gazeta suhbatdoshlari aytishicha, Pentagon bunday zarbalarni ma’qullash tartibini joriy qilgan. Rossiya ichkarisidagi nishonlarga hujum qilish uchun Ukraina to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetdan ruxsat olishi kerak bo‘ladi. Bu talab Amerikaning uzoq masofali ATACMS raketalariga ham, Fransiya-Britaniya Storm Shadow (SCALP) raketalariga ham tegishli, chunki ularni nishonga olishda AQSh razvedkasi ma’lumotlaridan foydalaniladi va Storm Shadow’ning o‘zida Amerika komponentlari mavjud.

Ukraina qurolli kuchlarining Rossiyaga zarbalari oldidan tekshiruv mexanizmini AQSh mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbrij Kolbi o‘ylab topgan. Iyun oyida u Ukraina uchun boshqa qurollar ustidan nazoratni ham kuchaytirdi, bu esa Pentagonga AQShda bunday qurollar yetarli bo‘lmasa, Ukraina qurolli kuchlari uchun mo‘ljallangan qurollarni ortga qaytarish imkonini berdi. OAV iyul oyi boshida AQShdan Ukrainaga yetkazib berilishi qisqa muddatga to‘xtatilishi ham Kolbining tashabbusi bo‘lganini aytmoqda.

AQSh hukumati Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududiga zarbalarini chekladi, chunki Donald Tramp ma’muriyati Kremlni tinchlik muzokaralarini boshlashga ko‘ndirishga intilmoqda, deya ta’kidlaydi nashr.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt mudofaa vaziri «prezident Tramp bilan yaqin hamkorlikda ishlayotgani»ni aytgan. «Prezident Tramp Ukrainadagi urush tugashi kerakligini juda aniq qilib aytdi. Ayni paytda Rossiya va Ukrainaning harbiy pozitsiyasida hech qanday o‘zgarish yo‘q», – dedi u. Pentagon, Davlat departamenti va Ukraina hukumati gazeta so‘roviga javob bermagan, Buyuk Britaniya hukumati izoh berishdan bosh tortgan.

AQShning 46-prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 2023 yildan boshlab Ukrainaga yuzlab ATACMS raketalarini yetkazib bergan. Ushbu raketalarni Rossiya hududida qo‘llashga qo‘yilgan cheklovlar 2024 yil kuzida, Bayden prezidentligining so‘nggi yilida, KXDR qo‘shinlari Rossiya tomonida turib urushga kirganidan keyin bekor qilingandi.

Pentagonning Rossiyaga zarbalarni muvofiqlashtirish talabi esa Baydenning qarorini bekor qildi. Donald Tramp Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari yordamida Rossiyaga zarba berishga ruxsat berib, «ahmoqlik» qilganini aytgan. «Biz bu urushni faqat kuchaytirmoqdamiz va uni yanada yomonlashtirmoqdamiz», – degandi Tramp 2024 yil dekabr oyida Time jurnaliga bergan intervyusida.