Polsha bosh vaziri Donald Tusk tegishli vazirlar va idoralar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng mamlakat vazirlar kengashining «Boris» sikloni oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari tufayli tabiiy ofat rejimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorini tayyorlashni buyurdi. Bu haqda u 15 sentabr, yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida yozgan.

Avvalroq Tusk moliya vaziriga favqulodda yordam ko‘rsatish va suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berganini, shuningdek, mudofaa vaziridan toshqindan jabr ko‘rgan hududlarga qo‘shimcha kuchlar yuborishni so‘raganini ma’lum qilgandi. «Biz hech kimni tashlab qo‘ymaymiz», deb ta’kidladi u.

Polshaning janubi-g‘arbiy qismida kuchli yog‘ingarchilik tufayli Strone-Slyonske kichik shaharchasidagi to‘g‘on yorilib ketdi. Xabar qilinishicha, politsiya u yerda qolgan odamlarni xavfsiz hududlarga olib borish uchun qutqaruv vertolyotini joylashtirgan. Xabar yozilayotgan vaqtda Polshada suv toshqini oqibatida bir kishi halok bo‘lgani ma’lum edi.

Chexiyada shaharlardan biri deyarli butunlay suv ostida qolgan

Ayni paytda, Chexiya sharqidagi Krnov shahri suv toshqinlari natijasida deyarli butunlay suv ostida qolgan. Shahar meri o‘rinbosari Miroslav Binar Chexiyaning CTK axborot agentligiga bergan intervyusida shaharning 70-80 foizi suv ostida qolganini taxmin qilgan. Mer o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, Krnovning 23 ming aholisini evakuatsiya qilish uchun juda kech. Mahalliy aholini qutqarish uchun vertolyotlardan ham foydalanilgan.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Opava va Ostrava shaharlarida ham keskin vaziyat yuzaga kelgan. Chexiya sharqida suv toshqini vaqtida avtomobil daryoga qulab tushdi, uch kishi bedarak yo‘qoldi, ularni qidirish ishlari davom etmoqda. Yaqin atrofdagi hududlarda rasmiylar politsiya va o‘t o‘chirish bo‘limlari 10 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilish uchun birgalikda ishlaganini aytdi.

Yevropada suv toshqinlari qurbonlari bor

«Boris» sikloni sabab bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida Yevropa mamlakatlarida kamida yetti kishi, jumladan, bir o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda AFP yakshanba kuni. Ruminiyada kamida besh kishi tabiiy ofat qurboniga aylangani haqida xabar berilgan.