Amazonka qirg‘og‘idagi bu qabila 16 mingga yaqin aholiga ega. Ular ovchilik, termachilik, baliq ovlash va iste’molga yaroqli ekinlar yetishtirish bilan kun kechiradi.

Martina — Amazonka tropik o‘rmonlarida izolyatsiyada yashaydigan Siman xalqi vakilasi.
Foto: BBC

84 yoshli Martina Kanchi Neyt Boliviya o‘rmonlarining qalin chakalakzorlari orasidan epchillik bilan o‘tib borardi. Tadqiqotchilar va jurnalistlar unga yetolmay, ayoldan to‘xtab turishni iltimos qildi.

10 daqiqa ichida Martina chaqqonlik bilan uch tup manioka kovlab oldi, pichog‘ini ikki marta siltab, zubturum mevalarini uzdi. So‘ngra og‘ir hosilni orqalab uyi tomon yo‘l oldi.

Martina — Amazonka daryosi qirg‘og‘ida izolyatsiyada yashaydigan siman tub aholisiga mansub ayol. Qabila Boliviya poytaxti La-Pasdan 600 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Ayoldagi tetiklik siman qabilasining keksa a’zolari uchun odatiy hol. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, bu qabila dunyodagi eng sog‘lom yurak-qon tomir tizimiga ega, ularning miyasi esa Shimoliy Amerika yoki Yevropa aholisinikiga qaraganda sekinroq qariydi.

Qabila 16 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Ular ota-bobolariga o‘xshab ovchilik, termachilik, baliq ovlash va iste’molga yaroqli ekinlar yetishtirish bilan kun kechiradi.

Olimlar bu xalqning salomatligini anchadan beri o‘rganib, ko‘plab kutilmagan kashfiyotlar qilgan.

Xuan odatda bir yoki ikki kun davom etadigan changalzordagi ovga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Foto: BBC

Simanlar faol hayot kechiradi — ovchilik, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi, uylari uchun tom to‘qiydi. Ular kunning atigi 10 foizdan kamrog‘ini o‘tirgan holatda o‘tkazadi, bu rivojlangan shaharlardagi 54 foizlik ko‘rsatkichdan ancha kam.

Simanlarda ov sakkiz soatdan ko‘proq davom etadi, ular o‘rtacha 18 kilometr masofani bosib o‘tadi.

Qabila Maniki daryosi bo‘yida istiqomat qiladi. U yerdan eng yaqin shahargacha qayiqda taxminan 100 kilometr masofani bosib o‘tish kerak. Ularning qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari juda cheklangan.