Gap Bahe daryosining irmog‘i Lyanma haqida ketmoqda. Bundan o‘n yil oldin ham daryo suvi kirlanib yotgan kichik anhor edi. Daryoning beton urilgan qirg‘oqlari tik va chuqur bo‘lib, yonida ofis binolari joylashgan. Ammo o‘sha paytda bu binolarning eshiklari daryodan teskari tomonga qaratilgandi. Atrofda sayr qilishga qiziqadigan odamlar ko‘p ham uchramasdi.

So‘nggi yillarda Lyanma daryosi odamlarni bir qator o‘zgarishlar bilan muntazam hayratga solmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda daryoning o‘tgan asr oxiridagi xaroba holati va bugungi xushmanzara ko‘rinishi solishtirilgan suratni tez-tez uchratish mumkin.

Birinchi o‘zgarish 2019 yilda yuz berdi. Daryo bo‘yida joylashgan 22 ta sub’yekt qayta qurish ishlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida kuchlarini birlashtirdi.

Iflos to‘siqlar va noqonuniy avtoturargohlar olib tashlandi. Keyinchalik, qirg‘oq bo‘ylab 800 000 kvadrat metr maydonni qamrab olgan Xalqaro sohil barpo etildi. Bu o‘zgarish daryoni keng bog‘ga aylantirdi.

Ikkinchi o‘zgarish 2021 yilda amalga oshirildi. O‘sha kuz davomida odamlar daryoning ikki kilometrlik qismida qayiqlarda suzishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik yo‘nalish oqim bo‘ylab yana 4 kilometrga uzaytirildi. Bu esa hududning tabiiy go‘zalligini namoyon etdi, chunki undagi qamishzorlar kichik oq qarqara va yovvoyi o‘rdaklar maskaniga aylangandi.

Imperator otlariga xizmat qilgan daryo

Lyanma daryosi uzoq tarixga ega. Imperator Yongle Zu Di 1420 yilda Pekinni Min sulolasining poytaxtiga aylantirgandan so‘ng imperator otlari ham yangi saroyga ko‘chiriladi. Otlarni shaharga olib borishdan avval cho‘miltirib, tozalash uchun Lyanma kabi kichikroq irmoqlar ayni muaddao edi. Bu yerdan nafaqat imperator otlari uchun, balki poytaxt bozorlariga olib borilayotgan otlarni yaltiratish uchun foydalanilgan. Cho‘miltirilgan otlar daryo bo‘yida bir muddat oftobda quritilgan. Shundan kelib chiqib, o‘tmishda daryo nomi liàngmhe, “otlar quyoshda quritiladigan daryo” deb atalgan. Keyinchalik u “yorqin” ma’nosini beruvchi hozirgi nomni oldi.