Angliyalik 80 yoshli Piter Gleyzbruk g‘ayritabiiy kattalikdagi sabzavotlari bilan 25 karra Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Uning bog‘ida 27,48 kiloli gulkaram, 89,7 santimetrli loviya dukkagi va 4,98 kiloli kartoshkani uchratish mumkin.
“O‘zim uchun doim yangi marralar izlab kelganman”, — dedi u Nottinghamdagi uyida Euronews’ga bergan intervyusida.
Piter bu mashg‘ulotni 20 yil oldin, sabzavotlar ko‘rgazmasidan ilhomlanib boshlagan. Ko‘rgazma uchun sabzavot yetishtiruvchilar o‘z mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi, shakli va holatiga eng asosiy e’tiborni qaratishadi. Ular uchun hajm va og‘irlik hamma narsadan ustun. Piter ham sabzavotlar dunyosiga kirishga qaror qilgan.
Uning harakatlari muvaffaqiyatli kechdi, Piter Ginnesning 25 ta jahon rekordini o‘rnatgan, hozirda ulardan oltitasini saqlab turibdi (3,12 kg og‘irlikdagi eng katta baqlajon va 63,8 sm ga 67,7 sm o‘lchamdagi eng katta loviya barglari)
Qo‘lida gigant sabzavot ko‘tarib turgan Piterning suratlari OAVda tez-tez chop etiladi, ammo bu faqat yakuniy natija, xolos. Bunday g‘ayritabiiy mahsulotlarni yetishtirish uchun oylab mashaqqatli mehnat, mahorat va fidoyilik talab etiladi.
“Bu mening hayotim, u ko‘p yillardan beri shunday”, — dedi u.

Gigant sabzavotlarni yetishtirish fidokorlik talab etadi
Piterning tushuntirishicha, ko‘p sabzavotlarni katta o‘lchamli qilib yetishtirish uchun ularni uzoq vaqt o‘stirish kerak. Buning uchun maxsus jihozlar, jumladan sun’iy isitish va yoritish tizimlari, kundalik sug‘orish hamda, albatta, ko‘p mehr va e’tibor talab qilinadi.
“Uzoq vaqt davomida hech qayerga ta’tilga borolmayman, chunki sabzavotlarga ko‘z-quloq bo‘lib turishim kerak”, — deydi u.
Buyuk Britaniyada butun mamlakat bo‘ylab turli tadbirlar o‘tkaziladi. Bu tadbirlarda Piter va uning hamkasblari kim eng katta, eng og‘ir yoki eng uzun sabzavotlarni yetishtirganini aniqlash uchun o‘zaro bellashadi.
















