Ilhom Mahkamovning aytishicha, tirbandlikni to‘xtatib bo‘lmaydi, faqatgina uning tezlashishini sekinlashtirish mumkin. Jamoat transportiga alternativ sifatida tramvay loyihasi ustida ishlanmoqda, vazir undan voz kechilmaganini, ammo avval dolzarb bo‘lgan infratuzilma loyihalari moliyalashtirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u avtobuslar maxsus yo‘lagidan yurgan avtotransport haydovchilari qat’iy jazolanishi, bu borada qonunchilikka o‘zgartirish kiritilayotganini qayd etdi.
18 oktabr kuni Toshkentda “Transport sohasida islohotlar, Davlat xususiy sherikchilik loyihalari va xalqaro hamkorlik jarayonlarining sohadagi o‘rni” mavzusida panel sessiyasi o‘tkazildi.
Unda qator xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan birga O‘zbekiston Transport vazirligi mas’ullari, xususan, vazir Ilhom Mahkamov ham ishtirok etib, so‘nggi vaqtlarda poytaxt ko‘chalaridagi tirbandlik muammosi, jamoat transportiga alternativ sifatida tramvayni qaytarish va avtobuslar uchun maxsus yo‘laklarning nazorati haqida savollarga javob berdi.
“[Tirbandlik muammosi] anchadan beri o‘rganib kelinadi. Birinchi navbatda bu shaxsiy transport vositalarining ko‘payib borishi [bilan bog‘liq], tabiiy hol. Ikkinchisi yo‘llarimizning o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga nisbatan shaxsiy transportlar ko‘proq. Endi asosiy masala – biz tirbandlikni baribir to‘xtata olmaymiz, faqat tezlashish jarayonini sekinlashtirishimiz mumkin. Jamoat transportidan ko‘proq foydalanish, jozibadorligini oshirish orqali yo‘lovchilarimizni ko‘proq jamoat transportiga tortishimiz mumkin.
Endi o‘zingiz bilasiz, ancha ishlar amalga oshirilyapti. Bugungi kunda infratuzilmada loyihaviy o‘zgarishlar qilinyapti, chorrahalar to‘g‘rilanyapti. Bularning hammasi juda murakkab va ozgina vaqt talab qiladigan ishlar-da. O‘ylaymanki, 1-2 oyda qandaydir natijaga erishish nihoyatda murakkab bo‘ladi.
Madaniyat va foydalanish jihatdan butun jamiyatimiz, yo‘lovchilarimiz, shaxsiy avtotransport haydovchilarning – barchaning hamkorligi kerak. Toshkent shahri misolida aytadigan bo‘lsa, shaharda bittada chorrahalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, yo‘llarga jamoat transporti harakatlanishi uchun yo‘nalishlarni belgilash – bularning hammasiga albatta katta moliyaviy mablag‘ talab qilinadi. Lekin bizda shahar hokimiyatiga bu sohalarni qilish uchun yilma-yil pul ajratiladi. Lekin pullar ajratilgani bilan bularni fiziologik jihatdan ham qilib bo‘lmaydi. Yilma-yil bitta-bitta ko‘chani to‘g‘rilab kelishyapti. Ilmiy jihatdan ko‘p vaqt ketdi, qaysi uslubda qaysi ko‘chani rekonstruksiya qilish, ya’ni qayta ta’mirlash, qaysi chorrahaga qanday o‘zgarishlar, yengilliklar qo‘llashga vaqt ketdi”,














