2024 yil oktyabr oyida Janubiy Koreya Soğliqni saqlaş vazirligi aholi orasida «yolğiz ölim» — taşqi dunyodan uzilib, öz uyida yolğizlikda vafot etiş holatlari ortib ketgani töğrisida xabar berdi. 2021 yilda mamlakatda 3378 ta şu kabi ölim holati qayd etilgan bölsa, 2022 yilda — bu 3559 tani, 2024 yilda esa 3661 tani taşkil etgan. Seul hukumati «yolğizlik epidemiyasi»ni jiddiy muammo deya e’lon qilib, yaqin beş yilda uni hal etişga 451,3 milliard von (327 million dollar) ajratilişini ma’lum qildi. CNN «yolğizlik epidemiyasi» sabablari, koreyalik amaldorlarning bunga qarşi rejalari, şuningdek, uşbu muammo nafaqat Osiyo davlatiga, balki butun dunyoga taalluqli ekani böyiça material tayyorladi.

«Yolğizlik epidemiyasi» qurbonlarining aksariyati erkaklar — oxirgi bir yil içidagi «yolğiz ölim» holatlarining 84 foizi ular hisobiga töğri keladi. Soğliqni saqlaş vazirligi ma’lumotlariga köra, erkaklar orasida bunday holatdagi ölimlarning umumiy soni ayollarnikidan beş barobarga oşib ketgan. Rasmiylar 50-60 yoş oraliğidagi erkaklarni alohida xavf zonasiga kiritmoqda: 2023 yilda ular jami «yolğiz ölim» holatlarining yarmidan ortiğini taşkil etdi.

Myondji universitetining psixologiya böyiça professori An Sudjonning hisoblaşiça, koreyslarni boşqa millat vakillaridan köra köproq yolğizlikka moyil deb ataş qiyin. Ammo ayrim madaniy jihatlar Janubiy Koreya aholisini ança zaiflaştiradi va ularga ijtimoiy faollikni qöllab-quvvatlaşga xalaqit beradi.

An Sudjonning sözlariga köra, yolğizlik deganda odatda munosabatlardan qoniqmaslik tuşuniladigan boşqa davlatlardan farqli ölaroq, koreyslar özlarini «nimagadir noloyiq deb hisoblaganda yoki hayotdagi maqsadlari yetişmaganda» yolğiz hisoblaydi.

Boşqa ekspertlarning aytişiça, milleniallar va Janubiy Koreyadagi «Z-avlod» vakillari tanqidlarga juda çidamsiz. Şu bilan birga, ular özlarini qattiq tanqid qiladi va omadsizlikka uçrasa, öta tuşkunlikka tuşadi.

Uşbu omillarning barçasi köpinça odamlarning yakkalanib qolişlariga va kerakli yordamni olmasliklariga olib keladi.

An Sudjonning tuşuntirişiça, koreyslar faol hayot tarzini keçirayotgan bölsa ham yolğizlikni his qilişlari mumkin. Yolğizlik hissi atrofdagi odamlarga boğliq — Janubiy Koreya aholisi yaqinlari yoki jamiyat uçun yetarliça iş qilmayotgandek his qilsa, özini yolğiz hisoblaydi. Yakkalanişning sababi köpinça özini boşqalar bilan taqqoslaş va özining «foydaliligi» haqida şubha qilişdir. An Sudjonning Yonse universiteti ta’lim fakulteti xodimi So Yon Sok bilan hamkorlikdagi tadqiqotida «yolğizlik epidemiyasi» sabablari qatorida iş va oilada ijtimoiy munosabatlarning qisqarişi, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirining kuçayib borayotgani, şuningdek, koreys madaniyatining şaxsiy yutuqlarga qaratilgani keltirilgan.