O‘zbekistonda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari bekor qilinishi mumkin. Bu 2025 yilga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinishi rejalashtirilgani munosabati bilan Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Aylanmadan soliqni qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha undirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. U o‘tgan yili 4 foiz miqdorida joriy qilingan edi.

2025 yil 1 yanvardan 500 million so‘mgacha bo‘lgan yillik jami daromad uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi 34 million so‘mni (+36 foiz), 500 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan daromadlar uchun 40 million so‘mni (+33,3 foiz) tashkil etadi.

Bunda ushbu soliq rejimining amal qilish muddati 2026 yil 1 yanvar qilib belgilanmoqda. Bu muddatdan so‘ng mikrofirmalar aylanma soliqni soddalashtirilgan tartibda to‘lash imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin.

«Sodda soliq mexanizmini barbod qilishmoqchi»

Iqtisodchi Otabek Bakirov buni juda ham salbiy chora deya baholadi.

«Agar antibiznes qonuni kuchga kirsa, tadbirkorlikni boshlash va mavjudini oqartirishga bo‘lgan barcha motivatsiyani o‘ldirishga xizmat qiladi. Mazkur mexanizmni shaxsan davlat rahbarining o‘zi kichik tadbirkorlik oyoqqa turishi uchun taklif etgani va joriy qilganiyam o‘zbek chinovniklarini to‘xtatib qolmayotgan ko‘rinadi.

Soliq kodeksining 343, 470 va 470-1 moddalariga o‘zgartirishlar (matni ochiqlanmagan) kiritilayotganiga qaraganda, ehtimolki, aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan mexanizmida dividend solig‘i to‘lash qo‘shiladi va hisobotlarni taqdim etish ham majburiy bo‘ladi.

Ya’ni kichik biznes uchun qulay mexanizm tugatilishidan avval uning afzalliklari barbod qilinadi», deya yozdi Otabek Bakirov.