O‘zbekiston | 20:43 / 09.11.2024
9339
7 daqiqa o‘qiladi

Informatika fani o‘qituvchilari ham attestatsiya imtihonidan norozi

Kun.uz’ga murojaat qilgan bir guruh o‘qituvchilar onlayn imtihon kech boshlangani, tizimda qotishlar yuzaga kelgani va savollar o‘ta murakkab tuzilganini aytmoqda. «Vaqt to‘xtab turibdi, deyishdi, lekin orqa tomonimizda vaqt o‘tib borardi. Shu darajada stressga tushdimki, hatto savollarni o‘qishga ulgurmay belgiladim», – deydi pedagoglardan biri. Avvalroq fizika fani o‘qituvchilari bilan ham shunga o‘xshash holat kuzatilgandi. 

Foto: Pexels

Bu yil 29 oktyabr kuni yangi tartib asosida informatika fanidan o‘tkazilgan attestatsiya imtihonlaridan qator o‘qituvchilar norozi bo‘lib murojaat qilishmoqda. Xususan, Kun.uzʼga Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo viloyatlaridan bir qancha e’tiroz xatlari kelib tushdi. 

Qayd etilishicha, joylarda bo‘lib o‘tgan test sinovlarida tizimlarda qotishlar, savollarda murakkabliklar yuzaga kelgan. Tahririyat quyida pedagoglardan yuborilgan murojaatlarni keltiradi. 

“Hammasini batafsil yozmoqchiman, shunda ahvolimizni tushunasizlar. 29 oktyabr kuni erta tongdan test bo‘ladigan binoga yetib keldik, ming hayajon bilan nazoratlardan o‘tib, kompyuter yoniga o‘tirdik. Lekin nazoratchilar “JShShR raqamlaringizni termay turinglar”, dedi. 30 daqiqalardan keyin nafasim qisilishni boshladi.

Yana 30 daqiqadan keyin chiday olmadim, xonada na bir ustozlar uchun suv bor, na bir tashqariga chiqqani qo‘yishadi. Oxiri mazam bo‘lmaganini ko‘rib ruxsat berishdi, lekin testdan haliyam darak yo‘q edi. Toza havoga chiqib keldik, soat 11 larga yaqinlashdi, “test ishlab ketdi” degan xabar keldi, yana kirdik, test ochildi. 3 ta savolni ishladimmi yoki yo‘q, ekranda“chetlashtirildingiz” degan yozuv paydo bo‘ldi, bu miyamizni yana bir bosimga tushirdi, so‘ngra nazoratchilar 15 daqiqalardan keyin ochib berishdi. [Bu holat] yana takrorlandi, yana ekran bloklandi. Bitta menda emas, butun xonadagi o‘qituvchilarda bo‘ldi”, – deydi o‘qituvchi. 

“Vaqt to‘xtab turibdi” deyishdi, lekin orqa tomonimizda vaqt o‘tib borardi. Shu darajada stressga tushdimki, hatto savollarni o‘qishga ulgurmay belgiladim. Shuncha tayyorgarlik ko‘rib, mehnat qilganimiz yo‘qqa chiqdi. 1-toifaga topshirgandim, 66 ball bilan yiqildim. Bunday vaziyatga 1-marta tushdim, 1-marta ustoz bo‘lganimdan juda afsuslandim, bu qadar qadrimiz past bo‘lmasa. Uyga kelsam qon bosimim 150, yoshim 30 da. Menda umuman qon bosimi yo‘q edi. Mana ahvol, haqiqatan ham bu turishda o‘qituvchilarni majruh qilib qo‘yisharkan”, – deydi yana bir pedagog. 

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi maktablarning biridan yozgan yana bir o‘qituvchi ham test savollari vaqt nisbati bilan moslab tuzilmaganini ta’kidlagan. 

“Bizga soat 8:00 da deyilgandi, soat 11:00 da boshlandi. [Keyin] “tizim ishladi” deb kiritishdi. Ishlashni boshlagandim, bitta yechaman, tizim qotib qoldi, bu holat bir necha marta takrorlandi. Bizga imkon berishsin, Qayta test topshiraylik, vaqtini uzaytirib beringlar”, – deydi yana bir pedagog.

“Imtihon jarayonida texnik nosozliklar kuzatildi. Savollar ichida Rossiyaning EGE saytidan olingan test savollari ham berilgan ekan. Ammo foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatida bu ko‘rsatilmagandi. Deyarli ko‘pchilik imtihondan salbiy natijaga erishdi. Ko‘pchilik savollarda mujmalliklar bor edi. Misollarni yechish uchun ham vaqt yetmadi. Kalkulyatordan foydalanish imkoni bo‘lsa ham natija chiqquncha hisob-kitobga ulgurish qiyin bo‘lgan misollar anchagina edi. Attestatsiya sinovi materiallarini qayta ko‘rib chiqish kerak va o‘qituvchini ruhan sindirishdan uzoqlashish choralarini ko‘rishsin”, – deydi murojaat qilganlardan biri. 

Navoiy shahridan yozgan yana bir maktab xodimi ham xuddi shu e’tirozni bildirgan. 

“Bo‘lib o‘tgan attestatsiya jarayonidan noroziman, testlar juda murakkab tuzilgan, vaqtga to‘g‘ri kelmaydi, savollar rus adabiyotidagi EGE deb nomlangan kitobdan olingan. Test vaqtida kompyuterim qotib qoldi, kuzatuvchi kelib ochib berguncha vaqtim ketdi, iltimos,informatika fanidan attestatsiyaning qayta olinishiga yordam berishingizni so‘rayman, savollarni berilgan adabiyotlardan olishsin”, – deydi u.

Imtihonlarning kech boshlangani yuzasidan 4 noyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining matbuot kotibi Dilfuza Sobirova o‘zining telegram kanalida rasmiy munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, test jarayoniga o‘qituvchilarning o‘zlari kechikib kelishi kuzatilgan. 

“Ammo ba’zi ishtirokchilarning belgilangan vaqtda emas, balki jarayonlar boshlanishidan bir necha soat avval test o‘tkaziladigan joyga kelishayotgani kuzatilmoqda. Bu esa pedagoglarning ma’lum vaqt kutib qolishiga yoki kutish xonalaridagi joylarning yetishmovchiligiga sabab bo‘lmoqda”, – deyiladi xabarda. 

Izohda savollarning murakkab ekani, uni ishlashda vaqt inobatga olinmagani haqidagi shikoyatlar borasida hech narsa deyilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz fizika fani o‘qituvchilari bilan ham shunday muammo yuzaga kelgani haqida yozgandi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi e’tirozlariga raddiya bildirib, har bir o‘qituvchining masalasi individual hal qilinishini aytgandi. 

Ammo hozircha bu borada aynan nimalar qilingani, pedagoglar bilan uchrashildimi yoki yo‘q, noma’lum.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning dekabrida Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagoglariga malaka toifalari berishning yangi tartibi belgilanib, 2024 yilning 1 yanvaridan joriy qilingandi. 

Unga ko‘ra, malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, attestatsiyada tushadigan savollar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan tuzilgan.

O‘qituvchilarning maoshini belgilashda mana shu malaka toifalari ham muhim rol o‘ynaydi, shunga qarab ularning oyligi ko‘proq yoki kamroq chiqariladi.

Mavzuga oid