Kun.uz “Geosiyosat” dasturida mavzuni siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasul bilan jonli efirda muhokama qildi.

— Jo Bayden o‘z vakolat muddatining so‘nggi kunlarida bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo‘ldi?

Kamoliddin Rabbimov: Bu masalaning siyosiy, geosiyosiy va huquqiy jihatlari mavjud. Yaqinda AQShda saylov jarayonlari bo‘lib o‘tdi va Donald Tramp hokimiyat tepasiga keldi, biroq uning ayni paytdagi huquqiy maqomi – amaldagi prezident emas, balki saylangan prezident. Kelasi yilning 20 yanvar kunidan boshlab Tramp to‘laqonli prezidentlik vakolatiga ega bo‘ladi, unga qadar esa Baydenning vakolatlari zarracha kamaymaydi. Bayden mavjud vaziyatdan foydalanib, Ukrainaga oxirgi keng ko‘lamli yordamlarni berishga harakat qilyapti.

Agar Kamala Harris saylovda g‘olib chiqqanida, partiyaviy uzviylik davom etayotgan bo‘lardi, ya’ni Bayden saylangan prezident Harrisni noqulay vaziyatga qo‘ymaslik uchun ehtimol bu qarorni qabul qilmagan bo‘lardi. Jo Bayden va Ukraina o‘zaro bog‘liq, garchi urushni Rossiya boshlagan bo‘lsa-da, Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordam ko‘lami dinamikasini uning eng yaqin ittifoqchisi AQSh belgilab beradi. Ayni paytda Donald Tramp o‘z jamoasini shakllantiryapti va e’tibor berib qaralsa, jamoa a’zolari ikkita asosiy jihatga ega: birinchidan, ularning deyarli barchasi Ukrainani yomon ko‘radi; ikkinchidan, ularning aksariyati isroilparast. Tramp to‘playotgan jamoa a’zolarining Ukraina borasidagi qarashlari allaqachon shakllanib bo‘lgan, ular bu mamlakatga shubha bilan qaraydi va ko‘rsatilayotgan yordam cheklanishi tarafdori. Hatto Ilon Mask ham doimiy ravishda Ukrainani tanqid ostiga olib kelgan, shuningdek, Baydenning mazkur qaroridan keyin, u Twitter'dagi rasmiy sahifasida liberallar urushni yaxshi ko‘rishi haqida tanqidiy post qoldirdi.

Bayden Rossiyaning ichki hududlariga hujum qilishga ruxsat berishdan ikkita maqsadni ko‘zlagan: birinchisi, Ukrainaga imkon qadar kattaroq yordam berish va ma’lum bir tarixiy natijalarga erishish. Ikkinchisi, Donald Trampni noqulay ahvolga qo‘yib, uni jazolash. AQShda shunday an’ana borki, amaldagi hukmron partiya saylovda mag‘lubiyatga uchrasa, o‘zidan keyingi hukumat uchun katta muammolarni yuzaga keltirishga harakat qiladi.

Shuhrat Rasul: AQShda respublikachilar va demokratlar o‘rtasida bir-biriga muammolarni “meros qoldirish” an’anasi borasida ko‘plab tarixiy misollar bor. Ulardan biri aynan Trampning Baydenga qoldirgan merosidir, ya’ni u prezidentlik vakolatining so‘nggi davrida Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketish bo‘yicha qaror qabul qilgan va shunday keyin Kobul aeroportidagi mojarolar yuz bergan, Bayden “Tolibon”dan qaror ijrosini ta’minlash uchun qo‘shimcha 20 kunlik muddat so‘ragan, ammo bu ham ular uchun yetarli bo‘lmagan, hatto AQSh maxsus kuchlarining bir qismi qo‘shimcha muddat tugaganidan keyin ham Afg‘oniston hududida qolib ketgan edi.