AQSH Kongressi Vakillar palatasida Rossiyaga qarshi keskin sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasining koʻrib chiqilishi kechikishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi 3-sentabr kuni xabar berdi.
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonning aytishicha, hujjat nafaqat demokratlar, balki ayrim respublikachilar orasida ham savollar tugʻdirmoqda.
«Biz barchamiz Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qoʻllab-quvvatlaymiz, ammo formula toʻgʻri boʻlishi kerak», degan Jonson.
Qonun loyihasi avvalroq AQSH Senatida tezkor ravishda maʼqullangan. Biroq Vakillar palatasida uning ayrim normalari, xususan, prezident Donald Trampning tariflar joriy etish boʻyicha vakolatlarini kengaytirish taklifi bahslarga sabab boʻlmoqda.
100 foizlik boj kimlarga qoʻllanishi mumkin?
Qonun loyihasi prezidentga Rossiya nefti va gazini eng koʻp sotib oluvchi beshta davlatga nisbatan 100 foiz miqdorida boj joriy etish imkoniyatini berishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab oʻtishda yordam berayotgan deb topilgan yana beshta davlatga nisbatan ham shunday chora qoʻllanishi mumkin.
Potensial nishonlar orasida, birinchi navbatda, Xitoy, Hindiston va Turkiya tilga olinmoqda.
Kongressda benzin narxi oshishidan xavotir bor
Vakillar palatasining Tashqi ishlar qoʻmitasi raisi, respublikachi Brayan Mast hozirda yangi choralarning yonilgʻi bozoriga ehtimoliy taʼsiri oʻrganilayotganini maʼlum qildi.
Uning fikricha, Hindiston va Rossiya energiya resurslarining boshqa yirik xaridorlari Rossiya xomashyosidan voz kechib, muqobil yetkazib beruvchilarga oʻtsa, jahon bozorida talab qayta taqsimlanishi mumkin. Bu esa AQShda benzin narxining oshishi xavfini yuzaga keltiradi.
Bu masala noyabrdagi Kongress saylovlari arafasida ayniqsa muhim hisoblanmoqda.
Demokratlarda boshqa xavotir bor
Demokratlar qonun loyihasining boshqa jihatini tanqid qilmoqda. Ular hujjat Tramp maʼmuriyatiga tariflardan juda keng miqyosda foydalanish uchun qoʻshimcha huquqiy asos yaratib berishidan xavotirda.
Vakillar palatasi Tashqi ishlar qoʻmitasi aʼzosi Gregori Miksning fikricha, prezidentga hozirda mavjud boʻlmagan qoʻshimcha vakolatlar berilishi mumkin.















