Sport | 11:37 / 28.11.2024
31906
23 daqiqa o‘qiladi

Mbappe yana uyaltirdi, PSVda tarixiy kambek. Kun o‘yinlari

Chorshanba oqshomidagi asosiy voqealar, gollar va YeChL jadvalidagi vaziyat.

Foto: Chris Brunskill/Fantasista/Getty Images

Anchelottida resurs tugab qoldi

«Liverpul» — «Real» 2:0
Gollar:
Mak Allister (52), Gakpo (76). 
Aniq ijro etilmagan penaltilar: Mbappe (61), Saloh (70). 
«Liverpul» – Kelleher, Roberson, van Deyk, Konate, Bredli (Gomes, 87), Mak Allister, Gravenberh, Jons (Soboslai, 83), Dias, Nunes (Gakpo, 68), Saloh.
«Real» – Kurtua, Mendi (Fran, 71), Ryudiger, Asensio, Valverde, Modrich (Endrik, 79), Kamavinga (Sebalyos, 57), Bellinghem, Guler (Vaskes, 57), Dias, Mbappe.
Ogohlantirishlar: Asensio (13), Nunes (13), Gravenberh (17), Mak Allister (40), Mendi (69), Sebalyos (80).

«Liverpul» va «Real»ning so‘nggi yillardagi qarama-qarshiligi katta afishaga aylanadi. Bu birinchi navbatda Chempionlar ligasidagi darvozabonlar hal qilgan ikki dramatik final bilan bog‘liq. 2019 yil mayida Loris Karius sovrinni Madridga tuhfa etgandi, to‘rt yil o‘tib esa Tibo Kurtua Ispaniya poytaxtidagi o‘yinda asosiy qahramonga aylanadi.

O‘shan yillarda «Liverpul» va «Real» teng raqiblar sifatida ko‘rilardi, ammo o‘tgan yozda yangi mavsum arafasida ikki klubning holati butunlay boshqacha edi. «Liverpul»da Klopp ketganidan keyin turg‘unlik boshlanadigandek ko‘rinayotgandi — shu vaqtgacha faqat Niderlandiyada ishlagan Arne Slotdan nima kutish mumkinligini hech kim ayta olmasdi. «Real» esa Mbappeni nihoyat o‘ziniki qildi va «Galaktikos 2.0» tomon yo‘l qo‘yilgandek edi.

Ammo mavsumning birinchi qismi tasavvurlarni o‘zgartirib yubordi — Kilian yangi joyda moslashishga qiynalmoqda, bu esa oqibatlar zanjirini yuzaga keltirgan va jamoadagi rivojlanishni to‘xtatib, natijalarda aks etmoqda. Qolaversa, jamoa jarohatlardan aziyat chekmoqda — amalda Anchelotti ixtiyorida sog‘ markaziy himoyachilar qolmadi va u yaqingacha «Kastilya» futbolchisi bo‘lgan Raul Asensioni boshlang‘ich tarkibda tushirmoqda, Valverde esa shoshilinch ravishda o‘ng qanot himoyachisiga aylantirildi. Liverpulga safar oldidan hujum chizig‘ida Rodrigo ortidan Vinisius ham safdan chiqdi, u uch hafta maydonga tusha olmaydi. Anchelotti Mbappe — Dias — Gulerdan iborat hujum triosini o‘ynatishiga to‘g‘ri keldi.

«Liverpul»da esa barchasi ajoyib ketmoqda — YeChL va APL turnir jadvallaridagi peshqadamlik buni yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy darvozabon Alison jarohatlangani va formasini tiklay olmayotgan Aleksander-Arnold yo‘qligi ham jamoa o‘yiniga sezilarli ta’sir ko‘rsatmayapti.

Va birinchi bo‘lim jamoalarning o‘yindan oldingi turnir jadvalidagi joylashuviga mos kechdi — «Liverpul» mezbonlarga xos tarzda to‘pga va tashabbusga egalik qilib, maydon markazidan xotirjamlik bilan kombinatsiyalar uyushtirdi va raqibning birga o‘ynash ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan himoya chizig‘ini sochib yuborishga harakat qildi. To‘rtinchi daqiqadayoq Asensio o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga bir baxya qoldi. «Liverpul» birinchi golli vaziyatini pressing orqali Mbappedan to‘pni olib qo‘yish orqali boshladi. Nunes Saloh bilan devor uslubida o‘ynab zarba berdi, Kurtua qutqardi, ammo to‘p Asensioning oyog‘idan darvoza tomon harakatlandi, yosh himoyachi so‘nggi soniyada uni tepib yuborishga ulgurdi.

Bo‘lim o‘rtalarida Darvinda yana bir qulay vaziyat yuzaga keldi, ammo uning bosh bilan olis burchakka yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. 

«Real» ochiqchasiga ikkinchi raqam ostida harakatlandi va o‘z ijrochilarining individual mahoratiga tayandi. Madridliklar raqibni yuqoriroqda kutib olishga va o‘yinni o‘z darvozasidan uzoqroqda olib borishga harakat qildi. Bu ish berdi, Mbappe va Bellinghem to‘p uchun kurashga yordamlashdi va o‘zi bilan bir necha raqibni olib yurdi. Qarshi hujumlar vaqtida raqibning har ikki tayanch yarimhimoyachisi — Mak Allister va Gravenberh sariq kartochka olishga majbur qilindi. Ayniqsa Guler faollik qildi — yosh turk berilgan imkoniyatda o‘zini ko‘rsatishga urindi va «Real»ning birinchi bo‘limdagi eng yorqin futbolchisiga aylandi. Modrich esa doimgidek bosim ostida harakat qilishda katta yordam ko‘rsatdi.

Tanaffusdan keyin «Liverpul» o‘yinni yana kuchaytirdi. Kertis Jons jarima maydoni chizig‘idan xavfli zarba yo‘lladi, «Real»ni rikoshet qutqarib qoldi. Keyin Konor Bredli Mak Allisterning uzatmasidan keyin Kurtuaning hushyorligini tekshirib ko‘rdi, belgiyalik posbon qiyin zarbani bartaraf etdi. Ammo bir daqiqa o‘tib Aleksis barchasini o‘zi hal qilishga qaror qildi — argentinalik yarimhimoyachi Bredli bilan pas o‘ynab, Kurtuaning olis burchagini aniq nishonga oldi.

«Real» endi butunlay sochilib ketadigandek edi. Qolaversa, yana bir jarohat ro‘y berdi — bu safar Kamavinga belidagi kuchli og‘riq sabab o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi. Anchelotti maydonga Sebalyos va Lukas Vaskesni tashladi va ushbu juftlikning hujumida penalti ishlandi. Mbappe o‘z ruhiy holatidan kelib chiqqan holda bu oqshom «nuqta»ga yaqinlashishi to‘g‘ri bo‘lmasdi. Ammo so‘nggi olti o‘yinda faqat bir gol urgan fransuz hujumchisi bu seriyaga chek qo‘yishni qattiq xohladi, ammo Kelleher uning zarbasi yo‘nalishini aniq topdi.

«Liverpul» bosim qilishda davom etdi va o‘n daqiqa o‘tib Saloh penalti ishladi. Misrlik hujumchi shu vaqtga qadar «Real» darvozasiga gol urolmagandi va bu ishni yana keyinga qoldiradigan bo‘ldi — uning kuchli zarbasi darvozaga to‘g‘ri bormasdan, ustun yonidan o‘tib ketdi.

Ammo «Liverpul» baribir o‘z maqsadiga erishdi — burchak zarbasi amalga oshirilganida 172 santimetrlik Modrich 193 santimetrlik Gakpoga qarshi qoldi va kutilganidek ikkinchi qavatdagi kurashni boy berdi, niderlandiyalik hujumchi darvozani osonlik bilan o‘qqa tutdi.

Foto: Peter Byrne/Getty Images

Mehmonlarga o‘yin oxirida shturm qilishga ham kuch yetmadi, Mbappe nimadir qilishga urindi, ammo keskinlik yarata olmadi. Aynan uning to‘p yo‘qotishidan keyin Luis Dias hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi, ammo Kurtua yana bir bor qutqardi.

«Real» zarbalar bo‘yicha yaqqol ortda qoldi – 10:17 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 4:7, jarima maydonidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 4:13). «Liverpul» esa bu mavsumda Yevropaning eng yaxshi jamoasi bo‘lishga bel bog‘laganini namoyish etmoqda va YeChLning besh turida 100 foizlik natija bilan umumiy turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. «Real» besh turdan uchtasida yutqazib, o‘tish o‘yinlariga yo‘llanma beradigan oxirgi, 24-o‘ringa tushib ketdi.

Darvozabonlarga atalgan kecha

«Aston Villa» — «Yuventus» 0:0
«Aston Villa» – Martines, Din, Torres, Karlos, Kesh, Tilemans, Kamara (Barkli, 78), Makginn, Rojyers, Beyli (Filojin-Baydeys, 86), Uotkins (Duran, 78).
«Yuventus» – Di Gregorio, Kambiyazo, Gatti, Kalulu, Savona (Danilo, 66), Tyuram (Fajoli, 86), Lokatelli, Yildiz (Mbangula, 82), Kopmeyners, Konseysau, Vea.
Ogohlantirishlar: Tilemans (10), Beyli (12), Torres (39), Kalulu (45), Vea (77).

Birminghemdagi o‘yin oldidan tantanali marosim o‘tkazildi. «Villa» darvozaboni Emiliano Martines «Villa Park» gazoniga farzandlari hamrohligida chiqib keldi va tribunadagilarga jahonning eng yaxshi darvozaboni nomiga atalgan mukofotlarini namoyish etdi. Fanatlar ham argentinalik sevimlilari uchun ajoyib banner tayyorlashgandi.

O‘z o‘zidan Dibu bunday kunda gol o‘tkazib yuborishga haqli emasdi, uning Fransishku Konseysauning zarbasidan keyingi seyvi turnir hit-paradlari qatoriga kiradigan bo‘ldi. Martines yomon xulqi va mojaroli harakatlari tufayli qancha tergalmasin, ko‘pchilik uni aynan shunday qahramonliklari tufayli kechiradi. Darvoza chizig‘i ustiga yetib borgan to‘pni to‘xtatish oson emas, ammo u shunday qila oladi.

O‘z navbatida, narigi darvozada turgan Di Gregorio ham o‘z ishini yaxshi bajardi. Bir safar Dinning jarima zarbasidan keyin mehmonlarni to‘sin goldan qutqardi, ikkinchi bo‘limda esa kiper bir necha metr masofadan turib hujum qilgan Makginn gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Qo‘shimcha daqiqalarda Tilemans standart vaziyatdan to‘p uzatganida Di Gregorio unga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Rodjyers darvozani ishg‘ol etdi. Ammo vaziyatga VAR aralashib, darvozabonga qo‘pollik tufayli golni bekor qildi. «Yuventus» joriy mavsumda barcha turnirlar doirasidagi «quruq» o‘yinlari sonini o‘n bittaga yetkazib qo‘ydi va bu top-5 ligalarda «Bavariya»niki bilan birgalikda eng yaxshi natija.

«Borussiya» uchun qulay turnir

«Dinamo» Zagreb — «Borussiya» D 0:3
Gollar:
Gittens (41), Bensebayni (56), Girassi (90). 
«Dinamo» Zagreb – Zagorats, Per-Gabriel, Ristovski, Torrente, Berno, Teofil-Katrin, Stoykovich (Pyatsa, 62), Pavich (Xoja, 73), Rog, Baturina (Kulenovich, 62), Kachavenda (Shpikich, 73).
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni, Shlotterbek, Anton, Gross, Brandt (Ryuerson, 46), Nmecha, Zabitser (Reyna, 62), Gittens (Dyuranvil, 62), Bayyer (Girassi, 62), Malen (Kouto, 75).
Ogohlantirishlar: Torrente (19), Bensebayni (60), Baturina (60), Kulenovich (66).

Chempionlar ligasi — «Borussiya» bu mavsumda safar o‘yinlarida ham g‘alaba qozonayotgan yagona turnir. Ikki oy muqaddam Bryuggeda o‘tgan o‘yinda ham jamoa g‘alabaga erishgandi. Navbatdagi safar g‘alabasi uchun yo‘l birinchi bo‘limda vaziyatlardan foydalanishdagi qiyinchiliklar bilan kechdi. Bensebainining zarbasi to‘singa tegdi, keyin esa Zagorats Malenning darvozabon hududidan yo‘llagan zarbasini qiyinchilik bilan qaytardi. Ammo bo‘lim oxirida Bayno-Gittens uzoqdan yuqori burchakka zarba yo‘llaganida darvozabon ojiz qoldi.

«Asalarilar» jarohat tufayli Brandtdan ayrildi, ammo Nuri Shahin jamoasi o‘z yetakchisisiz ham katta muammoga uchramadi. Ikkinchi bo‘lim boshida burchak zarbasidan keyin Bensebaini baribir gol urib, hisobni qulaylashtirdi. So‘nggi daqiqalarda esa Girassi yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, xorvatlarni uzil-kesil taslim etdi. Birinchi turda «Bavariya»ga 2:9 hisobida yutqazgan «Dinamo» yana Germaniya klubi bilan o‘yinni yirik hisobda boy berdi.

Monako va Bolonyadagi kambeklar

«Monako» — «Benfika» 2:3
Gollar:
Ben-Segir (13), Magassa (67) — Pavlidis (48), Kabral (84), Amduni (88). 
«Monako» – Mayetski, Kayo Enrike (Mavissa Elebi, 57), Kerer, Singo, Vanderson, Zakariyo (Ilenikhena, 90), Kamara (Magassa, 57), Golovin, Ben-Segir (Salisu, 63), Akliush, Embolo (Balogun, 63).
«Benfika» – Trubin, Fernandes, Otamendi, Arauju, Ba, Ko‘kchu, Florentinu (Amduni, 65), Eursnes (Barreyro, 85), Oqturko‘g‘li, Di Mariya, Pavlidis (Artur, 65).
Ogohlantirishlar: Florentinu (5), Fernandes (29), Zakariyo (40), Singo (41), Kerer (41), Oqturko‘g‘li (42), Mavissa (79).
Chetlatil: Singo (58).

Dam olish kunlarida mavsumdagi birinchi golini urib, «Monako»ga «Brest»ni yengishda yordam bergan Aleksandr Golovin bir necha kun o‘tib xalqaro maydonda ham golli harakat amalga oshirdi. Darvozabon Vandersonning zarbasini qaytarganidan keyin, rossiyalik legioner to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi va uni hisobni ochgan Ben Segirga yetkazib berdi. Faqat barchasi monegaskliklar nazoratida bo‘lib turgandek ko‘ringan o‘yin yo‘q joydan butunlay o‘zgarib ketdi. Embolo mezbonlarning hisobdagi ustunligini oshirish uchun yuzaga kelgan qulay imkoniyatdan foydalana olmagani hal qiluvchi burilish bo‘ldi.

Bir necha daqiqa o‘tib tajribali Kayyu Enrike qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, u ortga shu qadar yomon pas berdiki, to‘p darvozabon Mayetskining yonidan o‘tib ketdi, Pavlidis esa bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Keyin ikki jamoadan Akliush va Baning gollari ofsayd tufayli bekor qilindi, Singoning maydon markazidagi foli esa ushbu himoyachi uchun ikkinchi sariq kartochkaga aylandi va Adi Hyutter jamoasi bir kishi kam bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, «Monako» vaziyatdan chiqib ketish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mavissaning uzatmasidan keyin Magassa jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi.

Ammo gol muallifi o‘yin qahramoniga aylana olmadi, Di Mariyaning uzatmasidan keyin Artur Kabral hisobni tenglashtirdi. Va bu hali hammasi emasdi, to‘rt daqiqa o‘tib Brunu Lajye maydonga tashlagan yana bir futbolchi o‘yin taqdirini hal qildi. Di Mariya bu safar narigi qanotdan uzatma berdi va jarima maydonida Amduni barchadan baland sakradi. Turnirda ilk bor mag‘lubiyatga uchragan «Monako» karaxt holatga tushdi, «Benfika» son jihatdan ustunligidan foydalanib, Fransiyada 2013 yildan buyon ilk bor g‘alaba qozondi. Di Mariya bu oqshom Chempionlar ligasidagi golli uzatmalar soni bo‘yicha Devid Bekhem (38)dan o‘zib ketdi. Undan faqat Messi (39), Krishtianu Ronaldu (40) va Rayan Giggz (41) oldinda. Anxelda rekordni o‘ziniki qilish uchun yaxshi imkoniyat mavjud.

«Bolonya» — «Lill» 1:2
Gollar:
Lukumi (63) — Mukau (44, 66). 
«Bolonya» – Skorupski, Likoyannis (Miranda, 68), Lukumi, Bekema, Posh (Holm, 85), Fergyuson, Froyler, Fabbian (Kastro, 75), Ndoyye (Iling-Junior, 85), Dallinga, Orsolini (Odgor, 68).
«Lill» – Shevale, Gudmundsson, Alessandro, Diakite, Mene (Mandi, 73), Buaddi, Andre, Sahraviy (Jyegrova, 74), Mukau (Haraldsson, 86), Fernandes Pardo (Bakker, 86), Devid.
Ogohlantirishlar: Alessandro (22), Likoyannis (33), Mene (54), Mandi (80), Odgor (84).

Tezkor goli bekor qilingan «Bolonya» o‘zi uchun yangi turnirda baribir birinchi golini urishga erishdi. Raqib darvozasi ikki himoyachi ishtirokidagi hujumda ishg‘ol etildi:  Lukoyanis jarima zarbasidan to‘p uzatib berdi, Lukumi unga barchadan oldinroq ulgurdi. Faqat italiyalik muxlislar quvonchi uzoq davom etmadi. Uch daqiqa o‘tib Mukau dublini rasmiylashtirdi va «Lill»ga g‘alaba keltirdi.

20 yoshli yarimhimoyachi fransuzlar klubining asosiy yevrokubokda dubl qayd etgan eng yosh futbolchisiga aylandi. Bu o‘rinda Bryuno Jyenezioning ishini e’tirof etish kerak. Tajribali murabbiy «Atletiko» bilan o‘ynagan tarkibning yarmini almashtirdi, ammo bu safar ham g‘alabaga erishdi. «Lill» xuddi «Monako» kabi besh turda 10 ochko jamg‘ardi va yevromavsumni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgan «PSJ»ga ancha yuqoridan qaramoqda.

Glazgodagi qo‘pol xato va Eyndhovendagi mo‘jiza

«Seltik» — «Bryugge» 1:1
Gollar:
Maeda (60) — Karter-Vikers (26, avtogol).
«Seltik» – Shmeyhel, Teylor (Vale, 59), Trasti, Karter-Vikers, Jonston, Hatate, Makgregor, Engels (Paulu Bernardu, 59), Maeda (Forrest, 76), Furuhasi (Ida, 76), Kyun (Yan Hyon Jun, 88).
«Bryugge» – Miniole, de Keyper, Mexele, Ordones, Seys, Yashari, Nvadike, Tsolis, Vanaken, Olsen (Talbi, 77), Yutgla (Vermant, 77).
Ogohlantirishlar: Ordones (48), Mexele (76), Paulu Bernardu (84).

Glazgodagi o‘yin nafaqat Karter-Vikersning ahmoqona avtogoli bilan (u Shmeyxel qayerda turganiga qaramasdan, o‘z darvozasi tomon pas berdi), balki «Seltik» futbolchilari reaksiyasi bilan ham yodda qoladi.

«Keltlar» darvozaboni va jamoa faxriysi Makgregor maydonning o‘rtasida qisqa yig‘ilish o‘tkazdi va bu ham Brendan Rodjyers jamoasiga o‘yinni o‘zgartirish imkonini berdi. Maeda ajoyib aylanma zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. Mezbonlar yutqazishi ham mumkin edi, faqat «Bryugge»ning goli Ferran Jutglidagi mikroskopik ofsayd tufayli bekor qilindi.

PSV — «Shaxtyor» 3:2
Gollar:
Tillman (87, 90), Pepi (90+5) — Sikan (8), Zubkov (37).
PSV – Benites, Dams (Pepi, 46), Boskali (Losano, 74), Flamingo, Karsdorp (Ledesma, 90), Tillman, Mauro, Saybari, Lang (Til, 64), de Yong, Bakayoko.
«Shaxtyor» – Riznik, Pedro Enrike, Matviyenko, Bondar, Konoplya, Kriskiv, de Masedo (Franich, 71), Sudakov, Bondarenko, Zubkov (Stepanenko, 66), Sikan (Eginaldo, 55).
Ogohlantirishlar: Boskali (59), Saybari (85), Kriskiv (87).
Chetlatish: Pedro Enrike (69).

Bu turda Niderlandiya klublari — xarakter bo‘yicha chempion. Bir kun oldin «Feyyenoord» «Manchester Siti» maydonida uch gol farqini yo‘qqa chiqara olgandi, PSV esa 0:2 hisobini so‘nggi daqiqalarda 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. Futbolda bunaqa irodali natija bo‘lib turadi, ammo bu holat o‘zgacha. YeChLda o‘yinning 86-daqiqasiga qadar ikki gol farqi bilan yutqazib turgan jamoa asosiy vaqtdayoq g‘alabani ilib ketishi hali kuzatilmagandi.

O‘yindagi hal qiluvchi palla Pedro Enrike maydondan chetlatilishi bo‘ldi. «Shaxtyor» darvozaboni xatosi bilan birinchi javob goli urildi, u yaqin burchakka yo‘llangan zarbani to‘sa olmadi va to‘pni faqat chiziqdan o‘tganidan keyin ushlab oldi. Bundan ilhomlangan Tillman ikkinchi golini chiroyli tarzda urdi, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda hal qiluvchi shturm Pepining g‘alaba goliga olib keldi.

Belgrad uchun bayram

«Tsrvena Zvezda» — «Shtutgart» 5:1
Gollar:
Silas (12), Krunich (31), Ivanich (65), Radonich (69, 88) — Demirovich (5). 
«Tsrvena Zvezda» – Gutesha, Seul Yon U, Spayich, Jiga, Mimovich, Elshnik, Krunich (Dalsiu, 77), Milson (Radonich, 67), Maksimovich (Ivanich, 59), Mvumpa (Kanga, 77), Ndiayye (Duarte, 67).
«Shtutgart» – Nyubel, Mittelshtedt, Shabo, Ruo, Shtensel (Rider, 46), Shtiller (Kaytel, 84), Karazor, Fyurix (Boake, 84), Miyo (Malanga, 76), Vagnoman (Stergiu, 76), Demirovich.
Ogohlantirishlar: Maksimovich (45), Miloyevich (45+2), Rodich (45+2), Ruo (45+2), Ndiayye (45+2), Krunich (52).

«Tsrvena Zvezda» oldingi to‘rt o‘yinida umumiy 4:16 hisobida yutqazgandi, bu o‘yinning ham beshinchi daqiqasidayoq Demirovich serblar darvozasini ishg‘ol etdi va mezbon muxlislar navbatdagi mag‘lubiyatga ruhan tayyorlana boshladi. Ammo «Shtutgart» safida besh mavsum o‘tkazgan Silasning sobiq jamoasiga golidan keyin barchasi o‘zgarib ketdi. Tajribali Krunich esa jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Mashhur faxriy futbolchi Bolqonga qaytganidan keyin doim ham ishonchni oqlay olmayapti, ammo u chorshanba oqshomida ajoyib o‘yin o‘tkazdi — jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasi bilan belgradliklarni oldinga olib chiqdi va keyinroq Radonichga assistentlik qildi. Italiya, Ispaniya, Fransiya, Portugaliya va Germaniya chempionatlarida to‘p surib kelgan va yetti yildan keyin qaytib kelgan vinger nihoyat «Zvezda» uchun gol urishni boshladi. Belgradda bayram boshlandi.

«Shturm» — «Jirona» 1:0
Gol:
Biret (59).
«Shturm» – Xudyakov, Lavale, Gayrhofer, Ayvu, Gazibegovich, Kiteyshvili, Chukvuani, Beving (Xirlender, 90), Jatta (Yardimji, 65), Yalkuyye (Xorvat, 65), Biret (Gorens-Stankovich, 76).
«Jirona» – Gassaniga, Blind (Danjuma, 67), Kreychi, Xuanpe, Franses (Solis, 73), Gutiyerres, Romeu, Martin (Asprilya, 52), Xil, Tsigankov (Abel Ruis, 73), Miovski (Stuani, 67).
Ogohlantirishlar: Gazibegovich (20), Xil (64).

«Shturm» «Jirona» bilan o‘yinda turnirdagi ilk g‘alabasiga erishdi – 1:0. O‘yindagi asosiy epizod – avstriyaliklarning goli emas, balki «Jirona» qo‘ldan boy bergan vaziyat bo‘ldi. Birinchi bo‘lim o‘rtalariday Ivan Marin o‘ta qulay vaziyatga chiqib bordi, ammo u gol urmaslik qiyin bo‘lgan vaziyatda to‘pni tepaga tepib yubordi.

Kun statistikasi

«Real» o‘z tarixida 1-marta turnir guruh bosqichida uch bor yutqazdi.

«Borussiya» hujumchisi Bayno-Gittens turnirning joriy mavsumida 4 gol urdi. U 21 yoshigacha bir mavsumda eng ko‘p gol urgan ingliz futbolchisi bo‘lishi uchun yana bir gol qoldi. 2000/01 yillar mavsumida ham «Lids» forvardi Alan Smit besh gol urgandi.

«Monako» — «Benfika» o‘yinida birinchi bo‘limda 6 sariq kartochka ko‘rsatilishi — turnirda 1992/93 yillar mavsumidan buyon eng maksimal ko‘rsatkich bo‘ldi.

«Monako» oxirgi bor yigirma yil muqaddam guruh bosqichining besh turida 11 gol urishga erishgandi.

Turnir jadvalidagi vaziyat:

Mavzuga oid