Rossiya Federal budjeti ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlar Rossiya Qurolli kuchlariga shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb qilinayotgan askarlar miqyosini aniqlash mumkin bo‘lgan kam sonli vositalardan biri. Bu hujjatdan davlatning shartnoma imzolash uchun to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan va ularga asosan mustaqil tadqiqotchilar har uch oyda Rossiya armiyasi safiga borib qo‘shilayotgan ko‘ngillilarning taxminiy sonini aniqlay olishadi. «Meduza» nashri budjetning iyul-sentabr oylaridagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotga ko‘ra shu uslubiyatdan foydalanib, natijani avvalgi choraklar bilan taqqoslab ko‘rdi va ayni paytda shartnoma asosida xizmatga jalb qilish sur’atlari Rossiya armiyasining urushdagi tiklanmas yo‘qotishlari sur’atlaridan ancha past bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.

Rossiya armiyasiga shartnoma asosida xizmatga jalb qilinayotganlar sonida 2024 yilning uchinchi choragida ikkinchi chorakka nisbatan sezilarli qisqarish ro‘y bergan. Bu Budjet tizimi yagona portaliga joylashtirilgan federal tizim ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda aks etgan.

1 oktyabrga kelib shartnoma asosida harbiy xizmat o‘tayotgan askarlarga bir martalik to‘lovlar uchun umumiy summada 48,56 mlrd rubl sarflangan. Bu birinchi yarim yillik natijalaridan 16,14 mlrd rublga ko‘p. Ikkinchi chorakda to‘lovlar summasi 18,1 mlrd rubldan iborat bo‘lgan. Ularning katta qismi — 47,4 mlrdi armiyaga va faqat 1,13 mlrdi Milliy gvardiyaga to‘g‘ri keladi.

Shartnoma asosida jang qilayotganlar uchun bir martalik to‘lovga umumiy xarajatlar pasayishi o‘sha to‘lovlar miqdori ikki marta oshirilishi fonida yuz bergan. Vladimir Putinning 2024 yil 31 iyuldagi farmoniga ko‘ra, 1 avgustdan yil oxirigacha Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganlik uchun bir martalik federal to‘lov 195 ming rubldan 400 ming rublgacha oshirilgandi. Bungacha belgilangan «narxlar» 2022 yil 21 sentabridan buyon amal qilib kelayotgandi.

Shartnoma imzolagan chog‘da askar qo‘lga kiritadigan bir martalik to‘lovlarning katta qismini federal emas, mahalliy budjetlar qoplab beradi. Ayni paytda aksariyat joylarda ular bir necha million rublga yetgan, boz ustiga, hududlarga qarab summalar farqlanadi va doimo oshib bormoqda.