4 dekabrga ötar keçasi Yoqutistonga kiçik ölçamdagi asteroid tuşişi kutilmoqda. Bu haqda Ural federal universiteti (UrFU) olimlari xabar berdi.
UrFU professori Viktor Groxovskiyning ma’lum qilişiça, asteroid Yer atmosferasiga 3 dekabr kuni soat 21:17 da kiradi. Uning sözlariga köra, asteroid Yoqutistondagi Olyokminsk va Lensk posyolkalari örtasiga tuşişi kutilmoqda.
Yevropa kosmik agentligi ma’lumotlariga köra, kosmik obektning diametri — qariyb 70 santimetr. «Töqnaşuv xavfsiz böladi va katta ehtimol bilan şimoliy Sibir osmonida qizil olovli şarni hosil qiladi», — deyiladi xabarda.
Telegramʼdagi Astroalert kanalining aniqlik kiritişiça, C0WEPC5 nomini olgan asteroid Yer yuzasidan 100 kilometr balandlikda atmosfera qatlamiga kiradi. Ta’kidlanişiça, kosmik jismni yerga tuşiş joyidan 500 kilometr radiusda yaxşi kuzatiş mumkin böladi.
C0WEPC5 asteroidi 2024 yil 3 dekabr kuni Arizona ştatidagi Kitt-Pik observatoriyasining ikki metrli teleskopi yordamida aniqlangan.
Yerga har yili kiçik ölçamdagi (1 metrgaça bölgan) kosmik obektlardan bir neçtasi tuşadi. Olimlar odatda bunday jismlarni erta bosqiçdayoq aniqlaydi. 2024 yil boşidan beri olimlar Yerga törtta asteroid tuşişini prognoz qilgan. 4 sentabrda Tinç okeanining janubiy qismiga 2024 RW1 asteroidi tuşib, Filippin osmonida çaqnaş hosil qilgandi — asteroid atmosferada yonib ketgan.

















