DW xabariga koʻra, tegishli talab 22-oktabr kuni Strasburgda qabul qilingan, Rossiya hujumlarining kuchayishi va Qora dengizda kema qatnovi xavfsizligiga bagʻishlangan rezolyutsiyaga kiritilgan.

Taklifni ovoz berish paytida soʻl fraksiya vakili, niderlandiyalik deputat Anya Xazekamp ogʻzaki tarzda ilgari surgan. Yakuniy matnda Yevroparlament suvsar moʻynasi importiga taqiq bekor qilinganidan afsus bildirib, Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevrokomissiyani cheklovni tiklashga chaqirgan.

Bu chaqiriqning oʻzi taqiq qayta kuchga kirganini anglatmaydi. Xabarga koʻra, Bryussel hozir Rossiyaga qarshi 22-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda.

Ovoz berishdan keyingi muhokamada xalqaro hamkorlik boʻyicha yevrokomissar Yozef Sikela istisnoni YeIning ayrim davlatlari talab qilganini aytgan. Ular oʻz moʻyna sanoati Rossiya xomashyosiga bogʻliqligi va uni boshqa mamlakatlardan yetkazib berish bilan almashtirish imkoni yoʻqligini asos qilib keltirgan.

Sikelaning taʼkidlashicha, Rossiya moʻynalari, jumladan, suvsar moʻynasi importini taqiqlashni dastlab Yevrokomissiya taklif qilgan. Cheklov aprelda joriy etilgan, iyulda esa barcha 27 aʼzo davlat suvsar uchun istisno qilishga bir ovozdan rozi boʻlgan.

Yevrokomissar qaysi davlatlar buni soʻraganini ochiqlamagan. U sanksiyalarni oʻzgartirish uchun YEI kengashida barcha aʼzo mamlakatlarning roziligi kerakligini, taqiqni tiklash ham xuddi shu tartibga bogʻliqligini bildirgan.

Yevroparlamentdagi eng yirik fraksiya - Yevropa xalq partiyasi nomidan gapirgan polshalik Kshishtof Breyza istisnoni tanqid qilgan. Uning fikricha, Rossiya iqtisodiyotiga tushayotgan har qanday mablagʻ urushni moliyalashtirishga xizmat qiladi, sanksiyalardan har bir istisno esa Putinga zaiflikni namoyish etadi.

«Yevropani yangilash» liberal fraksiyasi vakili, finlyandiyalik Katri Kulmuni suvsar moʻynasining deyarli barchasi Rossiyada ishlab chiqarilishini va import Gretsiya hamda Italiya korxonalari uchun muhimligini tan olgan. Biroq u bu holat sanksiyalarni yumshatishni oqlamasligini aytgan.

Kulmuni Finlandiya ham Rossiya bilan savdo va turizm toʻxtashi oqibatida katta iqtisodiy yoʻqotishlarga uchraganini eslatgan. Uning taʼkidlashicha, mamlakatlar sanksiyalarni faqat qiyinchilik boshqalarga tegishli boʻlgan paytdagina qoʻllab-quvvatlashi toʻgʻri emas.