Faqat bosh egib turadigan, rahbari nima desa ma’qullaydigan, fikrsiz, pozitsiyasiz, tashabbussiz odamlar – hammasi o‘sha – Stalin ixtiro qilgan tuzum ruhiyatining bolasi, qo‘rquv va xiyonat mashinasining asorati.
Stalin o‘zi xiyonatkor bo‘lgani uchun, xiyonatdan qo‘rqib, xiyonat tuzumini bino qildi. Bu tuzumda siz xiyonat qilish orqali biron narsaga erishar edingiz va... bir fursat o‘tib, o‘zingiz xiyonat qurboni bo‘lar edingiz.
Hiylaning daholigi shunda ediki, repressiv g‘alvir birin-ketin odamlarni olib ketaverar edi, ammo tuzumning effektivligini ta’minlab turar edi, o‘ziga xos.
Xiyonat o‘zi insonlar tabiatida salmoqli o‘rin tutgani uchun ham Stalinning tuzumi yashovchan bo‘lib chiqdi va hamon yashamoqda. Bu tuzum albatta egalariga ham xiyonat qiladi, ammo uzoqni ko‘rolmaydiganlar uchun u qulaydek ko‘rinadi. O‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan kishi uchun soatiga 500 kilometr tezlikda yuradigan sportkar qo‘l kelganidek.
Xiyonat tuzumi qanday ishlar edi?
Davlat pillapoyasidan avvalo yaxshi va ma’nan sog‘lom kadrlar emas, balki sotqinlar – har lahzada yonidagi odamni sotishga moyil bo‘lganlar ko‘tarilardi.
Stalin yoshligidayoq inqilobiy harakatga qo‘shilgan edi, inqilobchilar esa politsiyadan yasharinishga, chor-atrofga shubha bilan qarashga majbur edi. Aynan atrofga shubha bilan qarash ruhiyatini Stalin o‘zi qurgan tuzumning mohiyatiga aylantirdi.
Qo‘rquv – tuzumning asosiy harakatga keltiruvchisi – motori edi. Qo‘rquv ostidagi inson uzoqni ko‘ra olmaydi – faqat o‘zining oddiy ehtiyojlari va omon qolishni o‘ylaydi.
Qo‘rquvdan asab tolalari doim tarang turadigan bunday odam har lahzada yonidagi bir odamga yoki hamkasbiga tuhmat qilishga yaqin turadi. Go‘yoki o‘zini yaxshi ko‘rsatib, omon qolish yoki biron narsaga erishish uchun. Katta sinov edi bu hamma uchun – qalblar sinovi.
Albatta, bunday qo‘rquv muhitida katta qurilishlar qilindi, GESlar-u shaharlar qurildi, ammo chaqimchilig-u tuhmatlarga qurilgan xiyonat mashinasi ko‘p million odamning nobud bo‘lishiga, GULAGlarga jo‘natilishiga olib keldi, minglab iste’dodli odamlar qamaldi, minglab iste’dodlar ochilmay qoldi.
Davlat xodimlari avvalo otilmaslik uchun harakat qilardi va albatta bunday sharoitda erkin fikrlay olmasdi. Natijada kamdan-kam davlat ishchisining ichki qobiliyatlari ro‘yobga chiqardi.








