Tezkor gidrometeorologik axborotga koʻra, sovuq havo massalari 3-oktabr kuni mamlakatning shimoliy hududlariga, 4–5-oktabrda esa respublikaning qolgan hududlariga kirib keladi.

Qayerda va qachon yomgʻir yogʻadi?

3–4-oktabr kunlari shimoliy va choʻl hududlarida, 4–5-oktabrda esa mamlakatning qolgan hududlarida yomgʻir kutilmoqda.

Ayrim joylarda yomgʻir kuchli boʻladi. Baland togʻli hududlarda yogʻingarchilik qorga aylanishi prognoz qilingan.

Harorat qanchaga pasayadi?

Havo harorati asta-sekin pasayib, respublika boʻyicha kunduz kunlari 15–20 daraja, kechalari 5–10 daraja iliq boʻladi.

Shimoliy hududlarda yanada salqin ob-havo kutilmoqda: kunduzi 12–17 daraja, kechalari esa 2–7 daraja iliq boʻlishi prognoz qilingan.

Shamol chang-toʻzon koʻtarishi mumkin

3–4-oktabr kunlari respublikaning baʼzi joylarida shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayishi kutilmoqda.

Ayrim hududlarda shamolning tezligi baʼzida sekundiga 20–22 metrgacha yetishi va chang-toʻzon koʻtarilishi mumkin.

5–6-oktabr kunlari esa mamlakatning ayrim joylariga tuman tushishi ehtimoli bor.