Iqtisodiyot | 13:27 / 28.01.2025
16796
5 daqiqa o‘qiladi

Kremniy vodiysida sarosima. Xitoyning DeepSeek sun’iy intellekti bu yo‘nalishda AQShning dominantligiga soya solmoqda

DeepSeek yangi sun’iy intellektini ishga tushirgani fonida AQSh fond bozori bir kunda 1 trillion dollar yo‘qotdi. Xususan, Nvidia, Microsoft, Google, Tesla, Meta va Amazon kabi gigant kompaniyalarning aksiyalari keskin pasayib ketdi. Xitoy startapi yangi modelni 6 mln dollardan kamroq mablag‘ evaziga ishlab chiqqani aytilmoqda. G‘arb kompaniyalari esa o‘z mahsulotlari uchun milliardlab dollar sarflagandi.

Xitoyning DeepSeek startapi yangi sun’iy intellekt modelini taqdim etishi global moliya bozorini larzaga soldi.

Xususan, DeepSeek’ning paydo bo‘lishi investorlarda AQShning sun’iy intellekt poygasidagi mutlaq ustunligini shubha ostiga qo‘ya boshladi.

Natijada SI modellarini quvvatlaydigan kompyuter chiplari ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasining aksiyalari 17 foizga tushib, bozor qiymatini qariyb 600 milliard dollarga yo‘qotdi. Bu – AQSh fond bozori tarixidagi eng katta kunlik yo‘qotish bo‘ldi.

Shuningdek, Microsoft, Google, Tesla, Meta va Amazon aksiyalari ham keskin pasaydi.

Nasdaq fond indeksidagi fyucherslar deyarli 5 foizga, S&P 500 indeksi esa mikrochip ishlab chiqaruvchilarning aksiyalari ta’sirida 2,6 foizga pasaydi. AQSh fond bozorining bir kunlik yoqotishi 1 trillion dollarga yetdi.

Bozor o‘zgaruvchanligini o‘lchaydigan va investorlar kayfiyatining “barometri” bo‘lib xizmat qiluvchi Cboe Volatility Index savdoning ba’zi nuqtalarida 50 foizdan oshib ketdi.

DeepSeek haqida

2025 yil 20 yanvarda DeepSeek o‘zining DeepSeek-R1 va DeepSeek-R1-Zero kabi innovatsion modellarini taqdim etdi. Ushbu modellar 671 milliard parametrga ega bo‘lib, yuqori samaradorlik ko‘rsatgan. Model atigi ikki oy ichida 2048 ta Nvidia H800 GPU yordamida o‘qitilgan bo‘lib, bu boshqa yirik modellar bilan solishtirganda 11 barobar kamroq hisoblash quvvatini talab qiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, DeepSeek R1 barcha asosiy mezonlarda OpenAI'ning ChatGPT o1 modelini ortda qoldirgan. Bundan tashqari, u mutlaqo bepul va API bilan ishlash bir necha baravar arzon.

Bu esa ushbu tarmoqqa milliardlab dollar pul tikayotgan investorlar va global texnologiya kompaniyalarida savollarni ko‘paytiryapti. DeepSeek modellarini o‘qitish va ishlab chiqish narxi batafsil oshkor etilmagan, ammo u raqobatchilarnikidan sezilarli darajada pastroq bo‘lishi mumkin. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, OpenAI bir necha yillar davomida milliardlab dollar sarflab yaratgan LLM (Large Language Model) Xitoy startapi tomonidan bir necha oy ichida atigi 6 million dollarga ishlab chiqilgan.

DeepSeek yirik investorlar, jumladan High-Fler fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. High-Fler Xitoyning eng yirik kvant fondlaridan biri sifatida tanilgan va texnologik innovatsiyalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etadi.

DeepSeek juda tez ommaviylashyapti

DeepSeek ilovasi dam olish kunlari Apple do‘konida yuklab olishlar jadvalining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. App Figures ma’lumotlariga ko‘ra, Avstraliya, Kanada, Xitoy, Singapur, AQSh va Buyuk Britaniyadagi iPhone ilovalari do‘konlarida yuklashlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.

Similarweb tahliliy xizmati ma’lumotlariga ko‘ra esa, kompaniya veb-saytiga kunlik tashriflar soni 280 mingdan 6,2 millionga oshgan.

DeepSeek’dagi senzura

Xorijiy ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, DeepSeek chatboti Tyananmen maydonidagi voqealar, Shinjondagi uyg‘urlarga qarshi genotsid ayblovlari, Tayvan bilan hududiy muammolar va inson huquqlari kabi materik Xitoy uchun nozik masalalarda o‘zini o‘zi senzura qiladi.

Misol uchun, agar foydalanuvchi “Tayvan davlatmi?” degan savolni bersa, tizim Tayvan Xitoyning bir qismi deb javob beradi va keyin javobini tezda o‘zgartirib, “Kechirasiz, bu mening doiramdan tashqarida. Keling, boshqa narsalar haqida gaplashaylik”, degan yozuv paydo bo‘ladi.

“Bu ogohlanlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerak”

Donald Tramp DeepSeek’ning chiqarilishi “AQSh sanoati uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerak”ligi, poygada g‘alaba qozonish uchun raqobatga e’tibor qaratish lozimligini aytdi.

Tramp xorijda alohida shaklda ishlab chiqarilgan kompyuter chiplariga yangi tariflar joriy etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi, bu esa Osiyodan chip importiga qaram bo‘lgan AQSh texnologiya sanoati uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Mavzuga oid

E`lonlar

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi