Ukraina qurolli kuchlarining yaqinda tashkil etilgan 157-mexanizatsiyalashgan brigadasi Donetsk oblastining Pokrovsk rayoniga joylashtirilganidan ko‘p o‘tmay undagi harbiylarning bir qismi o‘z qismini tashlab ketgan, bedarak yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan. Bu haqda harbiy xizmatchilar bilan suhbatda bo‘lgan Hromadske nashri batafsil hikoya qiladi.

157-brigadani 2024 yil bahorida tuzishga kirishishgandi, uning ayrim bo‘linmalari sentabr oyida harbiy harakatlarga kirishdi, brigadaning o‘zi to‘liq holatda noyabrdan urushda qatnasha boshladi. Uning jangchilari o‘shanda darhol muhim yo‘nalishlardan biri — Donetsk oblastining Pokrovsk va Kuraxovo shaharlariga yuboriladi, degan Hromadske nashriga brigadaning 2024 yil 29 dekabrida bedarak yo‘qolgan harbiylaridan birining rafiqasi. Yo‘qolgan harbiyning komandiri ayolga uning turmush o‘rtog‘i qismini tashlab ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Nashr suhbatdoshi eri Rossiya asirligiga tushganidan umid qilmoqda. 157-brigada jangchilarining qarindoshlari feysbukdagi Ukrainada bedarak yo‘qolgan odamlarni qidirishga bag‘ishlangan guruhda yaqinlari yo‘qolgani haqida ko‘p yozishgan.

Brigada harbiylaridan biri Hromadske bilan suhbatda askarlar ham, ofitserlar ham qismni ruxsatsiz tark etayotgani haqida aytib bergan. «Bir guruhni okoplarga olib borishgan, ular atrofni ko‘zdan kechirishgan va mashinaga o‘tirib, ketib yuborishgan. Birdaniga yetti kishi», — degan suhbatdosh. Brigadadan jami qancha kishi qochib ketgani aniq emas. Nashr manbalari aytishicha, bu brigadaning kamida uchdan bir qismini tashkil etishi mumkin — ya’ni mingdan ortiq kishi. Shu bilan birga, brigada vakillari hatto anonimlik sharti bilan ham bu miqdorni ochiqlamayapti.

Harbiylardan biri nashrga 157-brigada askarariga jangovar uyg‘unlikka erishishga vaqt berilmasdan, «bo‘laklarga ajratib yuborishgan». «Ya’ni boshqa brigadalardan kelishdi va bizning batalyonlarni to‘lig‘icha o‘zlariga olishdi. Ikkita batalyonni shunday qilib yo‘qotdik. Holbuki biz jang maydoniga atigi ikki oy oldin kelgandik», — deydi harbiy. Boshqa suhbatdosh yangi chaqirilganlardan 48 nafari Ukraina qurolli kuchlarining 55-brigadasiga olingani, shundan keyin ularning barchasi halok bo‘lganini aytgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabidagilar Hromadske so‘roviga javoban askarlar bir qismdan boshqasiga «milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi inqirozli vaziyat yuzaga kelgani tufayli» o‘tkazilganini bildirgan. «Harbiy qismlarni to‘ldirish shaxsiy tarkibning harbiy qismlar o‘rtasida harakatlanishi, shu jumladan harbiy xizmatchilarning roziligini olmasdan amalga oshirilishi mumkin», — deyishgan bosh shtabdagilar.