Prezident tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.
JPKga tergov sudyasini vakolatlarini belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, tergov sudyasining vakolatlari jumlasiga:
- qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish; ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarini ko‘rib chiqish;
- tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish;
- mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish kiradi.
Shuningdek, tergov sudyasining vakolat doirasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish tartibi belgilanmoqda.
Xususan, tintuv o‘tkazish uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv o‘tkazish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida qaror chiqaradi va uni o‘tkazish asoslarini bayon qiladi.
Prokuror iltimosnomaning asosliligini tekshirib, qarorni sudga yuboradi.















