AQSh prezidenti Donald Tramp 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasidan so‘ng, darhol Putin bilan uchrashish niyati borligini tasdiqladi. O‘sha paytdayoq xalqaro kuzatuvchilar bu muzokaralar davomida Kiyevning fikri e’tiborga olinmasligidan xavotir bildirishgan edi. Taxminan o‘sha kunlari Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Meduza» bilan suhbatda Tramp Rossiya bosqini bo‘yicha taklif etayotgan qadamlarni ko‘proq optimistik ruhda baholagandi.

Bir oy o‘tib esa Tramp Zelenskiyni «diktator» deb atadi, Ukrainadan harbiy yordam evaziga ukrain nodir yerosti metallarini yetkazib berish bo‘yicha noqulay bitimni imzolashni talab qildi, AQSh va Rossiya delegatsiyalari esa tinchlik muzokaralarini Ukraina va Yevropa ishtirokisiz olib bormoqda.

«Meduza» Podolyak bilan yana bog‘lanib, bu voqealar haqida rasmiy Kiyev qanday fikrda ekanini aniqlashga harakat qildi.

— Kiyev bir necha bor dunyoni Putinga ishonib bo‘lmasligidan ogohlantirgan edi. Trampga ishonish mumkinmi?

— Albatta. Hozirgi bosqichda ishonish mumkin. Faqat Trampning uslubini hisobga olish kerak: u doimo axborot tajovuziga moyil va maqsadlariga qisqa muddat ichida erishishni xohlaydi. Shuningdek, uning o‘ta pragmatik yondashuvini ham tushunish lozim. Tramp AQSh uchun eng foydali iqtisodiy pozitsiyalarni qo‘lga kiritishga intilmoqda. U bu uslubni kim bilan muloqot qilishidan qat’i nazar qo‘llaydi — u xoh ittifoqchi bo‘lsin, xoh raqib. Siz yo buni hisobga olasiz va u bilan samarali muzokaralar olib borasiz, yoki unga hamma narsani topshirasiz. Kimdir muzokaralarda qat’iyroq pozitsiyani egallaydi, kimdir yumshoqroq. Tramp esa maksimal darajada qat’iy harakat qiladi.

— So‘nggi vaqtlarda u bir necha bor Rossiya propagandasi tezislarini takrorladi va Kiyevni shantaj qildi. Sizningcha, Tramp nega bunday qilmoqda? Agar u hammaga shunday munosabatda bo‘lsa, nima uchun Putinni emas, aynan Zelenskiyni «diktator» deb atadi?

— Ar-Riyodda [AQSh va Rossiya muzokaralarida] ko‘rganlarimiz — bu Rossiyani yakkalanishdan chiqarishga urinish bo‘ldi, lekin o‘z shartlariga ko‘ra. Tramp Amerika siyosiy elitasidagi aksilrossiya kayfiyatini pasaytirishga harakat qilmoqda. Oxirgi uch yil ichida bu kayfiyat eng yuqori cho‘qqiga chiqdi — garchi bunga to‘la asos bo‘lsa ham. U endi ochiqchasiga Rossiyadan iqtisodiy foyda olishga qiziqish bildirmoqda. Shu tariqa, u Putinni «tuzoqqa tushirib», Rossiyadan eng yuqori iqtisodiy samara olishni ko‘zlamoqda. U yagona qiziqishi AQShning manfaatlari — moliyaviy daromad, bozorlarga kirish imkoniyati yoki resurslarni arzon olish ekanini ochiqcha ko‘rsatmoqda. Bunday strategiya umuman olganda muvaffaqiyatli bo‘ladimi-yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Lekin hozircha Tramp bu bosim orqali kerakli natijalarga erishmoqda.