Jahon | 11:50 / 05.03.2025
2913
3 daqiqa o‘qiladi

Hongkong operatori Panama kanali portlarini AQShga sotadi

AQSh prezidenti Donald Trampning bosimi ostida Hongkongda joylashgan Hutchison kompaniyasi Panama kanalining ikki chetidagi Balboa va Kristobal portlarini investor Blackrock boshchiligidagi Amerika konsorsiumiga sotishni rejalashtirmoqda.

Foto: Reuters

Hutchison'ning 4 mart, seshanba kuni e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, Hongkongda joylashgan Hutchison Holdings, Panama kanalining qarama-qarshi uchlaridagi portlar operatori ularni Amerika konsorsiumiga sotish niyatida. Unga ko‘ra, operator aksiyalarining 90 foizi investor Blackrock boshchiligidagi kompaniyalar guruhiga 19 milliard dollarga tushishi kerak. Kelishuv AQSh prezidenti Donald Trampning kuchli bosimidan so‘ng amalga oshadi.

AFP xabar berishicha, hongkonglik milliarder Li Kashinning Hutchison Holdings guruhi shu’ba korxonasi bo‘lgan Panama Pors Company hozirda Panama kanalining Atlantika tomonidagi Kristobal va Tinch okeani tomonidagi Balboa portlarini boshqaradi. 2021 yilda ushbu shartnoma avtomatik ravishda yana 25 yilga uzaytirildi. Guruhning ta’kidlashicha, kelishuv boshqa portlar, masalan, Hongkong yoki Shenchjyendagi aktivlarga ta’sir qilmaydi.

AQSh va Panama xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

6 fevral kuni ma’lum bo‘lishicha, Panama prezidenti Xose Raul Mulino va Pentagon rahbari Pit Xegset o‘rtasidagi muzokaralar natijasida tomonlar xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan. «Ular Qo‘shma Shtatlar va Panama o‘rtasida mustahkam munosabatlar mavjudligi va xavfsizlik bo‘yicha ko‘plab manfaatlar, jumladan Panama kanalini himoya qilishda umumiy manfaatlar mavjudligi haqida kelishib oldilar», — deyiladi AQSh Mudofaa vazirligi bayonotida.

Undan uch kun oldin Panama prezidenti o‘z mamlakati Xitoyning Panama kanalidan savdo maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlikni o‘z ichiga olgan «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusidan chiqishini aytdi. 2 fevral kuni Marko Rubio Xose Raul Mulino bilan uchrashuvda Xitoyning Panama kanaliga ta’siridan noroziligini bildirdi. Davlat departamenti rahbari «mavjud vaziyatni qabul qilib bo‘lmasligini va zudlik bilan o‘zgartirilmasa, Qo‘shma Shtatlar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun chora ko‘rishini aytdi», — dedi AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Temmi Bryus.

Mavzuga oid