Zalujniy Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasidagi keskinlik fonida payshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan xavfsizlik konferensiyasida shunday bayonot berdi.
So‘nggi kunlarda Kiyev Vashington bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilmoqda. Donald Tramp 4 mart kuni kechqurun Kongressga qilgan murojaatida Zelenskiyni AQSh shartlarini bajarishga tayyorligi uchun maqtagandi.
Ammo keyingi kuni, 5 martda Zelenskiyni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash uchun AQSh Ukrainaga harbiy yordamni va razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatdi.
Bunday qadam Ukrainaga jiddiy zarar yetkazadi va jang maydonidagi harbiylar va front ortidagi tinch aholi uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Zalujniyning payshanba kungi so‘zlari Ukrainaning AQSh harakatlaridan noroziligi hech qayerga yo‘qolmaganidan dalolat beradi.
«Biz nafaqat yovuzlik o‘qi va Rossiya dunyo tartibini qayta ko‘rib chiqishga harakat qilayotgani, balki AQSh bu tartibni butunlay yo‘q qilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», — dedi Zalujniy.
Ukraina elchisining qo‘shimcha qilishicha, AQSh va «harbiy jinoyatchi» prezident Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar Oq uy «peshvoz chiqish uchun Kreml tomon qadam tashlayotgani»ni ko‘rsatadi.
Uch yil davomida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘lganidan so‘ng 2024 yilda Londonga elchi etib tayinlangan Zalujniy Vashingtonning pozitsiyasi o‘zgarishi natijasida NATO o‘z mavjudligini yo‘qotishi mumkinligini ham taxmin qildi.
U Moskvaning keyingi nishoni «Yevropa bo‘lishi mumkinligi» haqida ogohlantirdi.

Zalujniy Ukrainadagi urush imkon qadar tezroq to‘xtashini istashini aytdi, biroq shu bilan birga Tramp ma’muriyati olib borayotgan muzokaralar hamda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini bermasdan Moskvaga yon berayotganidan xavotir bildirdi.
Tramp AQShdagi saylovoldi kampaniyasi vaqtida urushga tezda nuqta qo‘yishga va’da bergandi. Fevral oyida AQSh delegatsiyasi Saudiya Arabistonida dastlabki muzokaralar uchun Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashdi. O‘sha uchrashuvda na Yevropa, na Ukraina vakillari bor edi.
AQShning Ukrainaga yordam berishni to‘xtatish qarorini Tramp ma’muriyati rasmiylari Kiyevni AQSh rahbarligida tinchlik muzokaralarida hamkorlik qilishga majburlash vositasi sifatida ko‘rmoqda.
















