Parij shahriga tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Tadbirda Fransiyaning tashqi savdo va xorijdagi fransuz fuqarolari ishlari bo‘yicha vazir-delegati Loran Sen-Marten, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu, MEDEF International rahbari — Orano Mining kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 60 dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Fransiya biznesi tomonidan SUEZ, Veolia, Total, EDF, Voltalia, Orano, Meridiam, Saint-Gobain, Imerys, Natixis, Societe Generale, BPI France, Airbus, MND, Eiffage, Schneider Electric, Total Energies, Alstom, Technip Energies, Egis, ADP Group, Ellipse Projecs, Assystem, ATR va boshqa kompaniyalar qatnashdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan o‘tgan samarali muzokaralarni yuksak baholab, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish haqida tarixiy qaror qabul qilindi. Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
Fransiya ishbilarmon doiralari vakillariga Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston prezidenti Fransiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Fransiya kompaniyalari bilan 2027 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi bunga xizmat qiladi. Unga umumiy qiymati 6,5 milliard yevro bo‘lgan aniq yo‘nalish va loyihalar kiritilgan.
















