Germaniyada aeroport xodimlari ish tashlashi oqibatida yarim milliondan ortiq yo‘lovchilarning parvozlari bekor qilinib, ularning rejalari ham barbod bo‘ldi. Frankfurt va Myunxen osmonida havo harakati deyarli to‘xtab qolgan. Mehnat birlashmasi «Ver.di» 2,5 million ishchilar nomidan ish haqini 8 foizga oshirish talabini qo‘ygan. Federal hukumat talablarga rozi emas, lekin hafta oxirigacha masala hal qilinishi kerak.

Yangi haftani nemislar ish tashlash bilan boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu galgi aksiya «Ver.di» mehnat birlashmasining hukumat bilan muvaffaqiyatsiz o‘tgan muzokaralaridan so‘ng start olgan. Germaniyaning 13 ta aeroportidagi xodimlar ogohlantirmasdan ish tashlagan va aniq natija bo‘lishi uchun shu qarorga kelganliklari aytilgan.

Mahalliy yetakchi nashrlardan DW xabariga ko‘ra, Frankfurt va Myunxen osmonida deyarli harakat butunlay to‘xtagan. Ish tashlaganlarning maqsadi – ish haqini oshirish, qo‘shimcha dam olish kunlari va yaxshiroq mehnat huquqlari talabi. O‘tgan yili ham jamoat transporti tizimi xodimlari ish tashlab, ma’lum natijalarga erishgan, xususan, ularning maoshi oshirilgan. Mehnat tashkiloti «Ver.di» federal hukumatdan bu gal ishchilarning ish haqini 8 foizga oshirish, 350 yevrodan bir martalik yordam pullarini berish hamda 3 kunlik dam olishga o‘tishni talab qilmoqda.

Bugun Germaniyada yashovchi Frankfurt universiteti magistranti Saidislomxon O‘zbekxonovga ko‘ra, hukumat uchun birgina maoshni oshirish talabi 15 mlrd yevroga tushadi. Budjetda taqchillik va energetik inqiroz, davlat xarajatlarini ko‘paytirishga Merkel qo‘yib ketgan qonuniy taqiq ortidan bu imkonsiz. Hukumatga bu qimmatga tushadi, shuning uchun rozi emas, deydi vaziyatni kuzatib kelayotgan o‘zbek talabasi.

“2024 yil Ver.di qo‘ygan talablarning hammasi amalga oshmagach, 2025 yil uchun yangi takliflarini berdi. Aslida yil oxirida maoshlar oshirildi, ishchilar esa yana norozi. Aeroportdan boshlangan ish tashlash ta’lim tashkilotlari, jamoat transporti tizimi va chiqindi, uni qayta ishlash tashkilotlari xodimlarini ham qamrab oldi. Ish tashlash 1 hafta davom etadi, hafta oxirida esa hukumat bilan Potsdamda muzokaralar o‘tkaziladi. Ayni vaqtdagi talablar juda og‘ir, bu federal va hududiy boshqaruvda o‘tirganlarga moliyaviy qiyinchiliklar tug‘diradi. 8 foiz emas-u, 3-4 foiz maosh oshirilishi mumkin” – Saidislomxon O‘zbekxonov, talaba

Ish tashlash fonida Frankfurt aeroporti 1116 ta parvozlarni bekor qilishga majbur bo‘lgan, 1 kunda 1054 ta reyslarni qabul qila olmagan. Xodimlarning noroziligi eng avvalo Gamburg aeroportiga ta’sir qilgan. Ishchilar avvaldan ogohlantirmay ish tashlaganidan ma’muriyat noroziligini aytgan. «Ver.di» matbuot kotibiga ko‘ra, aksiya yaxshiroq natija berishi uchun shunday qarorga kelingan. Shtutgart, Kyoln, Bonn, Dyusseldorf aeroportlarida ham harakat to‘xtab qolgan, deb yozadi mahalliy nashrlar.