Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampga Rossiya-Ukraina mojarosini tartibga solishga qaratilgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Xitoy rahbari Si Jinping, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va boshqa rahbarlarning ushbu muammoni hal etishga qo‘shgan hissasini qayd etdi.
«Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligiga kelsak, men buni qanday baholashimni, albatta, aytaman. Lekin gapimni AQSh prezidenti janob Trampga Ukrainadagi vaziyatni tartibga solishga katta e’tibor qaratgani uchun minnatdorlik izhor qilishdan boshlamoqchiman», dedi Vladimir Putin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
«Hammamizning o‘z dolzarb ishlarimiz bor, lekin ko‘plab davlatlar rahbarlari – Xitoy Xalq Respublikasi raisi, Hindiston bosh vaziri, Braziliya va Janubiy Afrika prezidentlari bu masala bilan shug‘ullanmoqda va bunga ko‘p vaqt ajratmoqda. Buning uchun ularning barchasidan minnatdormiz, chunki bu faoliyat oliyjanob vazifaga – harbiy harakatlar va insoniy yo‘qotishlarni tugatish missiyasiga erishishga qaratilgan», dedi Putin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lgan, biroq u uzoq muddatli tinchlikka olib kelgan taqdirdagina.
Sulh haqidagi taklif bir qancha nyuanslarni hisobga olishi kerak, dedi prezident. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimidan qurol olish yoki kuch safarbar etish uchun foydalanishi xavfi bor.
«Biz harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha takliflarga qo‘shilamiz, lekin biz bunday to‘xtash uzoq muddatli tinchlikka olib kelishi va inqirozning asosiy sabablarini bartaraf etishi kerakligidan kelib chiqamiz», dedi Vladimir Putin.
O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining o‘rnatilishi uchun muhokama qilinishi kerak bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tarkan, Vladimir Putin, Kursk oblastidagi vaziyatga ishora qilib, front chizig‘ida vaziyatning qanday tus olishiga e’tibor qaratdi.
«Nazorat va tekshirish masalalari qanday hal qilinadi - ular bunday narsa [Ukrainaning hujumi] bo‘lmasligiga qanday kafolat beradi?», dedi Putin.















