Jahon | 18:41 / 25.03.2025
2530
2 daqiqa o‘qiladi

Marsda rekord darajada uzun organik molekulalar topildi

Ushbu molekulalar o‘z xususiyati bo‘yicha Yerda biologik faollik natijasida hosil bo‘ladigan yog‘ kislotalarini eslatadi.

AQSh, Meksika va Ispaniya vakillaridan iborat xalqaro olimlar jamoasi Mars tuprog‘idan hozirga qadar ma’lum bo‘lgan eng uzun organik molekulani topdi. Tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences ilmiy jurnalida e’lon qilingan.

Qayd etilishicha, bu 12 ta ketma-ket uglerod atomini o‘z ichiga olgan uglerod zanjiri bo‘lib, u o‘z xususiyati bo‘yicha Yerda biologik faollik natijasida hosil bo‘ladigan yog‘ kislotalarini eslatadi.

Kashfiyot 2012 yildan beri Geyl kraterini tadqiq etayotgan NASA’ning Curiosity marsoxodi bortidagi SAM asbobi yordamida amalga oshirilgan. Topilmaning alohida qiymati u taxminan 3,7 milliard yil oldingi davrga tegishli ekanida. Bu Yerda hayot endigina shakllana boshlagan davrga to‘g‘ri keladi. Organikaning bunchalik yaxshi saqlanib qolgani geologik faollik yo‘qligi hamda Marsning sovuq va quruq iqlimi bilan izohlanmoqda.

Topilgan molekulalar Qizil sayyorada qadimiy hayot izlarini qidirish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. Ular kelgusi missiyalar maqsadlarini aniqlashtirishga yordam beradi, jumladan, Yevropaning ExoMars (2028 yilda uchirilishi rejalashtirilgan) hamda NASA va ESA hamkorligida Mars tuprog‘i namunasini Yerga olib kelish loyihasi (2030 yillar).

Molekulalarning biologik kelib chiqishi hali isbotlanmagan bo‘lsa-da, ularning mavjudligi Marsda hayotning paydo bo‘lishiga olib kelishga qodir murakkab organik kimyo bo‘lganini tasdiqlaydi.

Mavzuga oid