Kun podkastining bu galgi sonida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze bilan 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati, Srechko Katanetsdan so‘ng jamoada amalga oshirilgan ishlar, Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlar, futbolchilarning jismoniy va ruhiy holati, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi muhim o‘yinlarga tayyorgarlik va boshqa mavzularda suhbatlashildi.

Shu yil yanvar oyida O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanets sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qilgandi.

Katanets iste’fosidan so‘ng futbol tarixida ilk bor O‘zbekiston olimpiya jamoasini olimpiadaga olib chiqqan va yakunda O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgan Temur Kapadze bosh murabbiylikka tayinlangandi.

Shu kunlarda Osiyo mamlakatlari o‘rtasida JCh-2026 uchun saralash bosqichi ketmoqda. Bugungacha O‘zbekiston bir nechta o‘yinlarni ham o‘tkazdi. Kun podkasti ijodkorlari aktuallikdan kelib chiqib Kapadze bilan suhbat uyushtirdi. Quyida intervyudan ayrim parchalar keltiriladi.

Oxirgi 2 ta: Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘yindan keyin hozirgi holatingiz qanday? Ikki uchrashuvda nimalarni yashab o‘tdingiz?

– Ikki o‘yindan ham baribir yomon o‘tmadik, Xudoga shukur. Birinchi navbatda, albatta, mas’uliyat, hammasini tushunib turibmiz. Tashvish vaqt ziqligida bo‘ldi, bu jamoani men endi qabul qildim desam ham bo‘ladi, undan oldingi yig‘inda deyarli boshqa futbolchilar edi, bu yig‘inga endi qo‘shilishdi, to‘g‘ri, biz o‘n oltinchi [sana]da “zbor”ga kirdik, lekin kechga yaqin kirdik.

Futbolchilar o‘n yettinchi yoki o‘n sakkizinchida keldi. Ularning hammasi deyarli 2 kun oldin yig‘ildi, unda ham o‘n sakkizinchida deyarli to‘liq mashg‘ulot o‘tkaza olmadik, taktik mashqlarni bajarishga harakat qildik. Lekin ayrim futbolchilar yo‘ldan kelgani uchun unaqa katta bosim qilmadik yoki oxirigacha mashg‘ulotni o‘tkaza olmadik. Faqat bir kun, ya’ni o‘yindan oldingi mashg‘ulot [qilindi], unda ham bir soat beriladi. Mana shularni tushungan holda, albatta, o‘n yetti va o‘n sakkizinchida kelishgandan keyin, ularni birinchi navbatda tiklash bilan ovora bo‘ldik.

Chunki hammasi o‘yinlardan keyin kelyapti, yo‘ldan kelishyapti. Inson baribir tirik jon, o‘yindan keyin yo‘lga chiqish bor, kechasi bilan uchiladi, yanayam Yevropadan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar emas. Bilasizlar, Turkiya orqali yoki, albatta, orasida yana boshqa tranzit yo‘llari bor. Uning ustiga soatida farqi bor, iqlim – hammasi [ta’sir qiladi]. Balki chetdan oson tuyulishi mumkin, lekin futbolchilarga 2 kundan keyin yo‘ldan kelib, maydonga chiqish, bu – moslashiladigan jarayon. Chunki Eldor deymizmi, boshqalarmi – ular optimal formasini his qilmaydi. Buning ustiga Qirg‘izistonga qarshi o‘yinni tushuntirish kerak, eski o‘yinlarni teoriyada ko‘rsatib, kamchiliklarimiz qanday bo‘lgan, ular nima orqali o‘ynayapti, biz nima orqali o‘ynasak bo‘ladi – bu narsalarni tushuntirishga, maydonda o‘sha vaziyatlarni jarayonda bajarishga harakat qildik.