Murmanskdagi forum chog‘ida Putin Arktikada AQSh bilan hamkorlik qilishga chaqirdi va Vashingtonning Grenlandiyaga bo‘lgan da’volarini mohiyatan qo‘llab-quvvatladi.
«AQShning Grenlandiyani qo‘shib olish rejalari haqida hamma yaxshi biladi. Bilasizmi, bu bir qarashda kimnidir hayron qoldirishi mumkin. Buni Amerikaning yangi ma’muriyatining qandaydir dabdabali bayonoti deb qabul qilish katta xato. Aslo unday emas», – deydi Putin.
Putinning qo‘shimcha qilishicha, «bu rejalar uzoq tarixiy ildizlarga ega va AQSh Arktikada geosiyosiy, harbiy-siyosiy va iqtisodiy manfaatlarni tizimli ravishda ilgari surishda davom etishi aniq». «Aslida AQShda bu kabi reja XIX asrning 60-yillarida paydo bo‘lgan. Amerika ma’muriyati o‘shandayoq Grenlandiya va Islandiyani anneksiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Ammo bu g‘oya kongressda qo‘llab-quvvatlov olmagan. Grenlandiyaga kelsak, bu aniq ikki davlatga tegishli bo‘lgan va bizga hech qanday aloqasi bo‘lmagan masala», – dedi u.
Putin Arktikadagi xalqaro hamkorlik «yaxshi davrini boshdan kechirmayotgani»ni ta’kidlagan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mintaqada teng huquqli hamkorlik tarafdori.
«Biz nafaqat Arktika davlatlari bilan, balki biz kabi sayyoraning barqaror kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan, uzoq muddatli va muvozanatli qarorlar qabul qila oladigan barcha mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», – deydi Putin.
Bu so‘zlar Donald Tramp Oq uyga kelganidan keyin Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashuvi fonida yangradi.
Grenlandiya Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo Daniyaga tegishli, shuning uchun Amerikaning bu hududga da’volari Yevropada katta xavotir uyg‘otmoqda.

Shu bilan birga, Putin aytganidek, NATO davlatlari Uzoq Shimolni ehtimoliy mojarolar hududi sifatida ko‘rayotgani va bu sharoitda qo‘shinlarni qo‘llashni mashq qilayotgani Moskvani xavotirga solmoqda.
Xususan, buni NATOning «yangi askarlari» Finlandiya va Shvetsiya amalga oshirmoqda, dedi Rossiya prezidenti.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, bunga javoban Rossiya mintaqada o‘z harbiy salohiyatini oshirish niyatida. «Biz mamlakatimiz suverenitetiga tajovuzlarga yo‘l qo‘ymaymiz va o‘z milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilamiz», – dedi Rossiya rahbari.
Amerikaliklarning provokatsion tashrifi


















