Rossiya aeroportlarida samolyotlarga yonilgʻi quyish boʻyicha cheklovlar ommaviy ravishda joriy etilmoqda. “Verstka” nashri aeronavigatsiya axborot tizimi maʼlumotlariga tayanib yozishicha, 7-sentabr holatiga koʻra, bunday choralar mamlakatning kamida 26 ta yirik aeroportida amal qilmoqda.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, dastlabki cheklovlar iyun oyida joriy etilgan, ularning ikkinchi toʻlqini esa sentabrga toʻgʻri kelgan. Cheklovlarning amal qilish muddati aeroportga qarab bir oydan qariyb yetti oygacha belgilangan.

Xususan, Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida 2-sentabrdan 2027-yil 16-martga qadar samolyotlarga faqat parvoz rejasida koʻrsatilgan hajmda yonilgʻi quyishga ruxsat berilgan. Qoʻshimcha yonilgʻi olish imkoniyati cheklangan.

Kaliningraddagi Xrabrovo aeroportida ham shunga oʻxshash tartib 8-iyundan 6-dekabrga qadar amal qiladi. Ushbu ikki aeroportda cheklovlar Rossiya va xorijiy aviakompaniyalarga birdek tatbiq etiladi.

26 ta aeroportning 15 tasida esa choralar faqat xorijiy aviakompaniyalarga tegishli. Uchuvchilar uchun eʼlon qilingan NOTAM xabarlarida xorijiy aviakompaniyalar samolyotlariga faqat bitta parvozni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan miqdorda yonilgʻi quyilishi koʻrsatilgan.

Bunday cheklovlar Qozon, Ufa, Perm, Yekaterinburg, Chelyabinsk, Tyumen, Irkutsk, Vladivostok, Xabarovsk va Yakutsk kabi shaharlar aeroportlarida amal qilmoqda. Ufada muntazam boʻlmagan reyslarni bajaradigan samolyotlarga yonilgʻi quyish ham cheklangan.

“Verstka”ga koʻra, aviayonilgʻi bilan bogʻliq eng murakkab vaziyat Rossiya janubida kuzatilmoqda. Hozir ishlayotgan oltita aeroportdan Sochi, Volgograd va Astraxandagi cheklovlar mahalliy va xorijiy tashuvchilarga birdek taalluqli. Krasnodar, Mineralniye Vodi va Vladikavkaz aeroportlarida esa cheklovlar xorijiy aviakompaniyalar uchun joriy qilingan.

DW Rossiyadagi yonilgʻi taqchilligini Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalari bilan bogʻlamoqda. Nashr maʼlumotlariga koʻra, yil boshidan beri Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 70-marta zarba berilgan.

Avgust oxiriga kelib Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi ichki isteʼmolning taxminan 70 foiziga teng boʻlgani, kunlik taqchillik esa 30 ming tonnaga yetgani xabar qilingan. Faqat avgust oyida kamida yettita neftni qayta ishlash zavodi toʻliq yoki qisman ishini toʻxtatgan, mamlakatning 17 ta hududida yonilgʻi sotish boʻyicha cheklovlar joriy etilgan.