Janubi-sharqiy Osiyoda 2000 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan 7,7 magnitudali vayronkor zilziladan qariyb 60 soat o‘tganida Myanmada vayronalar ostidan yana to‘rt kishi tirik holda olib chiqildi. Mamlakat o‘t o‘chirish xizmati ma’lum qilishicha, ular shimoldagi Sagaing viloyatidagi maktab binosi xarobalari ostidan qutqarib qolingan, u yerdan bir kishi jasadi ham topilgan.

Qutqaruv ishlari zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan Myanmada ham, qo‘shni Tailandda ham davom etmoqda. Yuzlab odamlar hali ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Myanmada 2056 kishining o‘limi tasdiqlangan, 3,9 ming kishi jabrlangan, yana 270 dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Myanma hukumati 31 martdan 6 aprelga qadar milliy motam e’lon qilgan.

Bangkokda qurbonlar soni hozircha 18 kishi bo‘lib turibdi. Qurilayotgan ko‘p qavatli bino qulashi oqibatida 76 nafar ishchi bedarak yo‘qolgan.

Qutqaruv ishlari juma kunidan beri olib borilmoqda va Myanmaga allaqachon xalqaro yordam yetib kela boshladi, ammo eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga yetib borish kechikmoqda va mahalliy aholi vayronalar ostida qolganlarni qo‘lda qazib olishga urinmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shifoxonalar yaradorlar bilan to‘lib-toshganini aytmoqda, Jahon oziq-ovqat dasturi vakili esa BBC’ga ko‘chirilgan minglab odamlar oziq-ovqat, dori-darmon va boshpanaga ega emasligini xabar qildi.

Mamlakatning ikkinchi yirik shahri Mandalayda mahalliy maktab o‘qituvchisi yakshanba kuni BBC’ga hozircha insonparvarlik yordamini ko‘rmaganini aytgan. «Yordam kelyapti deyishyapti, lekin odamlar hali ham azob chekmoqda», – deydi u.

Qo‘shni Sagaing shahrida yashovchi ayolning aytishicha, ko‘chalarda jasadlarning qo‘lansa hidi anqimoqda.

Mandalaydagi ko‘p binolar tag-tubi bilan qulab tushgan

Butun markaziy Myanma bo‘ylab qutqaruv guruhlari uskunalar yetishmovchiligiga duch kelmoqda va ba’zi qutqaruvchilar jabrlanganlarni quruq qo‘llari bilan qazib olishmoqda. Elektr va aloqa uzilishlari, yo‘llar va ko‘priklar shikastlangani ham qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda.

Shanba kuni kechqurun Myanma poytaxtida Neypidoda 36 soat davomida kasalxona vayronalari ostida qolgan keksa ayol qutqarib olingan.