Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi ish boshladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati veb-sayti xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Parlamentlararo ittifoq parlament diplomatiyasini rivojlantirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish kabi muhim yo‘nalishlarda faol ish olib bormoqda.

Tashkilot milliy qonunchilik organlarining ilg‘or tajriba va amaliyotlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha parlamentlar uchun umumiy strategiyalarni ishlab chiqishda ko‘maklashib kelmoqda.

«Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati» mavzusida o‘tkazilayotgan Assambleyada 190 ta mamlakat, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Assambleya doirasida ijtimoiy taraqqiyotga erishishda, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokni kengaytirish va faolligini oshirishga qaratilgan 90 ga yaqin turli tadbirlar va debatlar tashkil etiladi.

Assambleyada Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqdi va Parlamentlararo ittifoq jahon siyosiy maydonida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lganini hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish va demokratik institutlarni mustahkamlash borasida o‘z faoliyatini amalga oshirayotganini ta’kidlab o‘tdi:

– Bugun Yangi O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida islohotlar izchillik bilan davom etmoqda, taraqqiyotning hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yildi. Milliy parlamentlarning ushbu jarayonlarda muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishdagi roli, vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston parlamenti xalqaro parlament mexanizmlariga faol ravishda integratsiyalashib bormoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik paalatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Parlamentlararo ittifoq assambleyasi ishtirokchilarini qutlab, mazkur tadbirning parlamentarizm tarixidagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi:

– Qonunchilik sohasida, dunyo miqyosidagi muloqot va sheriklikni mustahkamlash, parlamentlarning ijtimoiy taraqqiyotni va adolatni ko‘zlagan holda faollik ko‘rsatib, tajriba almashish borasida Parlamentlararo ittifoq istiqbolda o‘zining muvofiqlashtiruvchilik rolini yanada kuchaytiradi deb umid qilamiz.