Rossiya armiyasi 13 aprel, yakşanba kuni Ukrainaning Sumi şahri markaziga raketa zarbasi yölladi. Oqibatda 34 kişi halok bölgan, ulardan ikki nafari bolalar. 117 kişi, jumladan 15 bola yaralangan. Şahar markaziga ikkita ballistik raketa bilan hujum qilingan.
«Dedlayn» oldidan
Keça nasroniylar uçun diniy bayram edi (pasxadan oldingi oxirgi yakşanba). Ukraina tomoni aynan mana şu faktga urğu bermoqda. OAVda Tramp Putinga aprel oyi oxirigaça muddat bergani, agar Rossiya şu vaqt içida öt oçişni töxtatişga könmasa, Amerika yangi sanksiyalar kiritişi haqida xabarlar paydo bölgandi. Rossiyaning zarbasi mana şu «dedlayn» haqida miş-mişlar fonida sodir böldi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning fikriça, Rossiya bu zarba bilan Amerikaning taklifini jiddiy qabul qilmayotganini körsatgan. «Rossiya ikkinçi oyki Amerikaning öt oçişni töxtatiş taklifini rad qilib keladi. Afsuski Moskvadagilar özlarini bundan keyin ham odam öldirişga haqli deb hisoblaşadi. Vaziyatni özgartiriş uçun harakat qiliş kerak», degan Zelenskiy.
Sumi şahridagi Kongress markaz zarbaga uçragan obektlardan biri. Ukraina tomoni bu odatda bolalar uçun maşğulotlar ötkaziladigan joy ekanini aytmoqda. Şaharga «Iskander M» ballistik raketasi bilan zarba berilgani aytilmoqda. Tarmoqda raketa nişonga juda tez kelib urilgani aks etgan videolar tarqaldi. Zarba oqibatida maşinalar, avtobuslar portlagan. Dastlabki daqiqalarda olingan kadrlarda köçada önlab jasadlar yotgani körinadi.
Birinçi marta
Sumiga zarbadan keyin Tramp ma’muriyati ilk marta Rossiyani qoralab çiqdi. Trampning Ukraina böyiça maxsus vakili general Kit Kellog Rossiya bu zarba orqali barça çegaralarni kesib ötganini aytdi. «AQŞ Rossiya raketa zarbasi sabab qurbon bölganlar yaqinlariga hamdardlik bildiradi», dedi davlat kotibi Marko Rubio.
Biroq Trampning özi bu gal ham Rossiyani tanqid qilişga tili bormadi. «Bu juda dahşatli. Menga ular xato qilganini aytişdi, lekin baribir bu dahşat», dedi Tramp. Jurnalistlar AQŞ prezidentidan kim xato qildi, deb gapini aniqlaştirişni söraşdi. Biroq Tramp yana ular xato qildi, ulardan sörang, deb mujmal javob berdi. Yevropadagilar kutilganidek tinç aholi ölimiga olib kelgan zarba uçun Rossiyani qoraladi.
Rossiya nima dedi?
14 aprel kunining ikkinçi yarmida nihoyat Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaning Sumi oblastiga raketa zarbasi amalga oşirganini tan oldi. Lekin ruslar bayonotida ham heç qanday yangilik yöq, ular kutilganidek zarba nişoni ukrain harbiylari bölgani, 60 nafar ukrainalik harbiy halok bölganini aytişdi. Tabiiyki Rossiya tomoni bu gal ham Ukraina tinç aholidan jonli qalqon sifatida foydalanayotganini aytişni unutmadi.
Ukrainada mojaro
Sumiga zarbadan keyin Ukrainada mojaro avj oldi. Sumi oblastidagi Konotop şahri meri Artyom Semenixin zarbadan köp ötmay videomurojaat qilib çiqdi. Unda aytilişiça, zarba kuni Sumi şahri markazida 117-hududiy mudofaa brigadasi harbiylarini taqdirlaş marosimi ötkazilgan. Uni Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Artyux taşkillaştirgan. Ukrainaliklar bu gapidan keyin Seminixinni Rossiya zarbasini oqlaşda ayblaşdi.
Ötkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirçi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov












