O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasiga kelib tushgan ma’lumotlar asosida xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan qiz vatanga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasining sa’y-harakatlari natijasida o‘zbekistonlik qiz bugun, 15 aprel kuni Toshkent xalqaro aeroportida mas’ul xodimlar tomonidan kutib olingan.
Hozirda u Toshkent shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga vaqtincha joylashtirilgan. Joylashtirishning muqobil shakli belgilangunga qadar qizga ushbu markazda zarur ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Avvalroq Rossiyada qarovsiz qolib ketgan 16 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Undan oldin esa Qozog‘istondan ota-ona qaramog‘isiz qolgan 10 nafar bola Toshkentga olib kelingan edi.

















